"Kyiv Diplomatic" jurnali: O'zbekistonning jahon savdo tizimiga integratsiyalashuvi muhim yo'nalish bo'lib qolmoqda
Iyun 21, 2025. 10:40 • 2 daq
• 51
KIYEV, 21-iyun. /"Dunyo" AA/. Ukrainaning "Kyiv Diplomatic" jurnali saytida "O'zbekiston Prezidenti xorijiy sheriklar bilan sarmoyaviy hamkorlikning asosiy yo'nalishlarini belgilab berdi" sarlavhali maqola e'lon qilindi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.
"O'zbekiston poytaxtida 100 mamlakatdan 7,5 mingdan ortiq ishtirokchini jamlagan to'rtinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumi yakunlandi. Forumning ochilish marosimida so'zga chiqqan O'zbekiston Prezidenti iqtisodiyot va sarmoyaviy sohadagi bugungi yutuqlar hamda ustuvor vazifalarga atroflicha to'xtalib o'tdi", – deyilgan maqolada.
Nashrda so'nggi 8 yilda O'zbekiston yalpi ichki mahsuloti ikki baravar ko'paygani, 2030-yilga borib 200 milliard dollarga yetkazish bo'yicha ulkan maqsadi qo'yilgani ta'kidlanadi. Investitsiya faolligida ham sezilarli o'sish qayd etildi. Birgina 2024-yilda 35 milliard dollarlik investitsiyalar jalb etildi, eksport 27 milliard dollarni tashkil etdi, S&P esa mamlakatning prognoz ko'rsatkichlarini "pog'ona"ga ko'tardi.
Muallifga ko'ra, asosiy ustuvor yo'nalishlar qatorida "yashil" energetikani rivojlantirish ham bor. Qisqa vaqt ichida ushbu sohaga 6 milliard dollarlik to'g'ridan-to'g'ri xorijiy investitsiyalar jalb etildi.
"Bundan tashqari, "yashil sertifikatlar" va uglerod birliklari savdosi yo'lga qo'yilmoqda, "Yashil O'zbekiston" iqlim investitsiya platformasi yaratilmoqda", – deya urg'ulangan materialda.
"Kyiv Diplomatic" jurnali O'zbekistonning yana bir maqsadi raqamli iqtisodiyotga o'tish ekanini yozgan. "2025-yilda IT-xizmatlari eksporti 1 milliard dollarga yetadi. 2030-yilga borib esa ularni besh barobarga oshirish rejalashtirilgan. Kelgusi yildan boshlab "Bulutli texnologiyalar" milliy platformasi ishga tushiriladi. Xususiy investorlar bilan birgalikda umumiy quvvati 500 MVt dan ortiq bo'lgan 20 ta ma'lumotlar markazlarini qurish rejalashtirilgan. Bundan tashqari, O'zbekiston "Sun'iy intellektda million yetakchi" loyihasi doirasida sun'iy intellektning o'ziga xos modelini ishlab chiqmoqda", – deb ta'kidlangan nashrda.
Materialda O'zbekistonda moliya institutlarini rivojlantirishga alohida e'tibor qaratilayotgani haqida ham so'z boradi. XVF va Jahon banki bilan birgalikda sohani to'liq baholash amalga oshirildi, bank, sug'urta va fond bozoridagi islohotlar qo'llab-quvvatlandi. Moliyaviy barqarorlik kengashi tuzildi, kiberxavfsizlik va fintech platformalari joriy etilmoqda.
Ma'lum qilinganidek, O'zbekistonning jahon savdo tizimiga integratsiyalashuvi muhim yo'nalish bo'lib qolmoqda. Milliy qonunchilikni Jahon savdo tashkiloti talablariga moslashtirish yakunlanmoqda, mazkur tashkilotga a'zo bo'lish 2026-yilga rejalashtirilgan.
"O'zbekiston Prezidenti forumni sarhisob qilar ekan, mamlakat xorij sarmoyasi uchun ochiqligicha qolayotganini, biznesni himoya qilish kafolatlanishini, me'yoriy-huquqiy hujjatlarning shaffofligi ta'minlanishini ta'kidladi", – deb yozilgan maqolada.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid
Oʻzbekiston delegatsiyasi ayollar muloqoti forumida ishtirok etdi
"Europa Press": Ispaniya va O'zbekiston qishloq xo'jaligi sohasida memorandum imzoladi
O'zbek milliy qadriyatlari "Charity Bazaar" xayriya festivalida e'tirof etildi