Farg'ona vodiysi boy tarix, madaniy meros va go'zal tabiatni o'zida mujassam etgan noyob hudud
Mart 13, 2025. 17:27 • 2 daq
• 148
BERLIN, 12-mart. /"Dunyo" AA/. Germaniyaning turizm yo'nalishini yoritishga ixtisoslashgan "CTOUR Touristik.Forum" elektron saytida bir qator sayyohlik qo'llanmalari muallifi Bodo Tyonsning "Farg'ona vodiysi – Markaziy Osiyo bog'i" sarlavhali maqolasi e'lon qilindi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Unda xalqaro turizm yo'nalishida unchalik mashhur bo'lmagan Farg'ona vodiysi, Surxondaryo viloyati va Qoraqalpog'iston Respublikasi ajoyib turizm salohiyatiga ega ekanligi qayd etilgan.
Muallif O'zbekistonning ushbu kam o'rganilgan sayohat maskanlarini o'zining nemis tilidagi qo'llanmalarida targ'ib etishni rejalashtirganini bildirgan.
Maqolada, ayniqsa, Markaziy Osiyoning eng go'zal va tarixiy ahamiyatga ega hududlaridan biri bo'lgan Farg'ona vodiysining turizm salohiyati alohida urg'ulangan.
"Keyingi yillarda Farg'ona vodiysida turizm infratuzilmasi sezilarli darajada rivojlandi. Yangi mehmonxonalar va restoranlar barpo etilmoqda, transport tizimi takomillashmoqda. "Silk Avia" mintaqaviy kompaniya aviaqatnovlarining yo'lga qo'yilishi va Farg'onaga to'g'ridan-to'g'ri reyslarni o'z ichiga olgan "Turkish Airlines" yo'nalishlarining kengaytirilishi muhim ahamiyat kasb etdi", – deb yozgan manba.
Shuningdek, muallif Farg'ona vodiysida asrlar osha shakllangan hunarmandchilik, qishloq xo'jaligi va to'qimachiligi kabi sohalarga e'tibor qaratgan. "Farg'ona qadimiy kulolchilik san'ati bilan ham mashhur. O'zbekistonning ommabop suveniri sanalgan ko'k-yashil naqshli sopol buyumlar Rishtonda tayyorlanadi. Marg'ilon shahri esa qadim-qadimdan sehrli ipaklari bilan tanilgan. Bu yerda sayyohlar xususiy fabrikalarga tashrif buyurib, ipak tayyorlash jarayoni bilan tanishishlari mumkin", – deb yozilgan materialda.
Bundan tashqari, vodiy yirik qishloq xo'jaligi markazi ekanligi, bu yerdan ichki va xalqaro bozorlarga meva, sabzavot va paxta yetkazib berilishi qayd etilgan. Sayyohlarga to'g'ridan-to'g'ri paxta yetishtirish va uni qayta ishlash jarayonini kuzatish imkonini beradigan maxsus turistik yo'nalishlar ham yo'lga qo'yilgani ta'kidlangan.
"Farg'ona vodiysi boy tarix, madaniy meros va go'zal tabiatni o'zida mujassam etgan noyob hududdir. Mintaqaga qiziqish ortib borayotganiga qaramay, vodiy sayyohlar tomonidan haligacha to'liq kashf etilmagan. Infratuzilma va yangi yo'nalishlarning rivojlanishi xorijiy sayyohlar uchun jozibador bo'lgan bu maskanni an'anaviy Buyuk ipak yo'li shaharlari kabi olamga tanitadi", – deb yozilgan maqola xulosasida.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi