"Nikkei" gazetasi: Yaponiya hukumati Markaziy Osiyo bilan munosabatlarni yanada faollashtirishga tayyor
Aprel 17, 2025. 15:37 • 2 daq
• 98
TOKIO, 17-aprel. /"Dunyo" AA/. Yaponiyaning "Nikkei" gazetasida "Markaziy Osiyoda tarixiy chegara kelishuvlari Yaponiya uchun ham yangi iqtisodiy imkoniyatlar yaratadi" sarlavhali maqola e'lon qilindi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.
Unda Markaziy Osiyodagi yaqindagi geosiyosiy o'zgarishlar, chegara muammolarining hal etilishi va boshqa muhim yangiliklar qalamga olingan.
Qayd etilganidek, Qirg'iziston, Tojikiston va O'zbekiston o'rtasida uzoq yillardan beri mavjud bo'lib kelayotgan chegara masalalari bo'yicha muhim kelishuvlarga erishildi. "Xususan, 31-mart kuni O'zbekiston, Tojikiston va Qirg'iziston davlat chegaralarining tutash nuqtasi to'g'risidagi tarixiy shartnoma imzolandi va va uch mamlakat davlat chegaralari tutashgan hududda Do'stlik stelasi ochildi", – deyilgan maqolada.
Nashrda, mazkur tarixiy kelishuvlar nafaqat mintaqaviy barqarorlikni mustahkamlashda, balki tashqi investitsiyalar, xususan, Yaponiya va Yevropa davlatlarining iqtisodiy ishtiroki uchun qulay sharoit yaratishda muhim ahamiyatga ega ekani ta'kidlangan.
Maqolada Yaponiyaning mintaqa mamlakatlari bilan munosabatlariga alohida e'tibor qaratilgan.
"Yaponiya hukumati Markaziy Osiyo bilan munosabatlarni yana-da faollashtirishga tayyor. Xususan, 2024-yilda "Markaziy Osiyo+Yaponiya" formatida ilk sammit o'tkazish rejasi Yaponiyada ehtimoliy kuchli zilzila sodir bo'lishi xavfi sababli kechiktirilgan edi. Yangi Bosh vazir Shigeru Ishiba ma'muriyati bu tashabbusni qayta ko'rib chiqish va Yaponiyaning mintaqadagi ishtirokini kuchaytirishni qo'llab-quvvatlashga tayyor", – deya ma'lum qilingan manbada.
Markaziy Osiyoda xususan O'zbekistonda so'nggi yillarda amalga oshirilayotgan ijobiy islohotlar samarasida yapon siyosiy doiralarida Markaziy Osiyoni strategik ahamiyatga ega hudud sifatida baholash tendensiyasi kuzatilayotgani ta'kidlangan.
"Nikkei" gazetasida bosilgan sharhda, shuningdek, "Yaponiya bu imkoniyatlardan foydalanib, mintaqada uzoq muddatli va o'zaro manfaatli sheriklik asosida o'z mavqeini mustahkamlashi mumkin", – deb yozilgan.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid
Oʻzbekiston delegatsiyasi ayollar muloqoti forumida ishtirok etdi
"Europa Press": Ispaniya va O'zbekiston qishloq xo'jaligi sohasida memorandum imzoladi
O'zbek milliy qadriyatlari "Charity Bazaar" xayriya festivalida e'tirof etildi