Logo

O'mon ommaviy axborot vositalari O'zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi haqida yozmoqda

Aprel 19, 2025. 12:22 • 2 daq

74
O'mon ommaviy axborot vositalari O'zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi haqida yozmoqda

MASKAT, 22-aprel. /"Dunyo" AA/. O'monning "Oman Observer" gazetasida "O'zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi – meros va bilimni mustahkamlovchi madaniy yodgorlik" sarlavhali maqola chop etildi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Unda O'zbekiston Prezidenti tashabbusi bilan bunyod etilayotgan mazkur inshootni barpo etishdan maqsad – o'zbek xalqining boy merosini asrab-avaylash va butun dunyoga tarqatish, ma'rifiy-madaniy jabhada o'zaro muloqotni rivojlantirish uchun muhim maydon yaratish ekanligi ta'kidlangan.


Ma'lum qilinganidek, markaz binosi o'zbek an'anaviy arxitekturasini va zamonaviy texnologiyalarni o'zida uyg'unlashtirgan. Ulkan maydonni egallagan mazkur betakror obida uch qavatdan iborat bo'lib, to'rt asosiy kirish yo'laklariga ega.


O'mon bosma nashri, shuningdek, markazning birinchi qavatning eng asosiy qismida Qur'oni karim zali bunyod etilganini ta'kidlagan. Bu yerda musulmon dunyosining ma'naviy durdonasi – qadimiy Usmon Mus'hafi joylashtiriladi. Shuningdek, bu yerdan islom sivilizatsiyasiga katta hissa qo'shgan o'zbek xalqining ulug' ajdodlari to'g'risidagi muhim ma'lumotlar o'rin olgan. Markazda noyob arxeologik topilmalarga ega boy muzey va minglab kitoblar va qo'lyozmalardan iborat ulkan kitobxona bor.


"Oman Observer" gazetasida bosilgan maqolada "O'zbekistondagi Islom sivilizatsiya markazining bosh g'oyasi islom ta'limotining zamini – ilm-fan, madaniyat, ta'lim va tarbiyadir. Bundan tashqari, majmua xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikda ilmiy tadqiqotlar o'tkazish, olimlar o'rtasida madaniy almashinuvni rivojlantirish maydoni bo'lib xizmat qiladi", – degan so'zlar bilan yakunlangan.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish