Logo

Germaniya OAV: Yevropaning yetakchi treyler ishlab chiqaruvchi kompaniyasi Markaziy Osiyodagi mavqeini mustahkamlamoqda

May 03, 2025. 12:12 • 2 daq

64
Germaniya OAV: Yevropaning yetakchi treyler ishlab chiqaruvchi kompaniyasi Markaziy Osiyodagi mavqeini mustahkamlamoqda

BERLIN, 3-may. /"Dunyo" AA/. "Wirtschaft regional" jurnalida O'zbekiston transport-logistika sohasiga bag'ishlangan maqola bosildi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Unda Yevropaning yetakchi treyler ishlab chiqaruvchisi – "Schmitz Cargobull" O'zbekistonda yangi "Schmitz Cargobull SCA" shu'ba kompaniyasini ochish orqali xalqaro miqyosda ishtirokini kengaytirishda davom etayotgani ta'kidlangan. "Xususan, Chirchiq shahrida joylashgan yangi ofis kompaniyaning mijozlarga xizmat ko'rsatish va mintaqadagi logistika imkoniyatlarini kengaytirish yo'lida muhim qadam bo'ldi", – deb yozilgan nashrda.


Qayd etilishicha, shu yil aprel oyida "Texnodom" vakolatli xizmat ko'rsatish binosida kompaniyaning tantanali ochilish marosimi bo'lib o'tdi. Tadbirda ishtirok etgan boshqa transport kompaniyalari va matbuot vakillari "Schmitz Cargobull" filialining infratuzilmasi va istiqboldagi rejalari bilan yaqindan tanishish imkoniyatiga ega bo'ldilar.


Maqolada filial mijozlarga tirkamalar, qurilish va qishloq xo'jaligi uchun sovutgichlar sotish, shuningdek, moliyalashtirish, telematika, servis shartnomalari hamda asl ehtiyot qismlarni yetkazib berish kabi keng ko'lamli xizmatlarni taklif etayotgani urg'ulangan.


Nemis nashri, shuningdek, mamlakat bo'ylab ehtiyot qismlarni xavfsiz va tezkor yetkazib berishni ta'minlash maqsadida filial hududining taxminan 300 kvadrat metr maydonida ixtisoslashtirilgan ehtiyot qismlar ombori qurilganini ma'lum qilgan.


Qayd etilishicha, O'zbekistonda kompaniya filialining ochilishi, uning Markaziy Osiyoda o'z o'rnini yana-da mustahkamlash strategiyasining mantiqiy davomidir.


"2024-yilda O'zbekistonda yuk tashish hajmi 1,52 milliard tonnaga yetdi, bu ko'rsatkich 2020-yilga nisbatan 11 foiz oshgan. Avtomobil transporti logistika tizimining asosi bo'lib qolmoqda va yuk tashish umumiy hajmining 92 foizini tashkil etadi. 2024-yilda avtotransport kompaniyalari 1,4 milliard tonna yuk tashigan", – deb yozgan "Wirtschaft regional" jurnali O'zbekiston Milliy statistika qo'mitasi ma'lumotiga tayanib.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish