Logo

Ipak yo'lini qayta tiklash bo'yicha yangi loyihalar Xitoy ommaviy axborot vositalari diqqat markazida

Sentabr 06, 2025. 15:46 • 2 daq

33
Ipak yo'lini qayta tiklash bo'yicha yangi loyihalar Xitoy ommaviy axborot vositalari diqqat markazida

PEKIN, 6-sentyabr. /"Dunyo" AA/. "Lookwe" jurnalida "Ipak yo'lining tiklanishi: transport infratuzilmasida yirik qo'shma loyihalar" sarlavhali maqola chop etildi, deb xabar beryapti "Dunyo" AA muxbiri.

Nashrda qayd etishicha, Ipak yo'li deyarli ikki ming yil davomida Sharq va G'arb o'rtasidagi aloqalarni ta'minlab kelgan insoniyat sivilizatsiyasi tarixidagi iqtisodiy va madaniy integratsiyaning eng yirik ramziy ko'rinishlaridan biridir. Ipak yo'li bo'ylab nafaqat tijorat tovarlari – ipak, yog'och, qimmatbaho toshlar, qog'oz va hunarmandchilik buyumlari, balki g'oyalar, texnologiyalar, fan yutuqlari va madaniy an'analar ham tarqatilgan. Binobarin, Ipak yo'li "sivilizatsiyalar ko'prigi" sifatida insoniyat taraqqiyotida alohida ahamiyatga ega.


2013-yilda e'lon qilingan "Bir makon va yo'l" tashabbusi nafaqat transport infratuzilmasini, balki energetika, raqamli iqtisodiyot, sanoat klasterlari va madaniy almashinuvni ham qamrab olgan keng ko'lamli integratsiya dasturidir.


Qayd etilishicha, mazkur dastur Markaziy Osiyo davlatlari, jumladan, O'zbekiston uchun ham katta imkoniyatlar yaratadi. Ayni paytda O'zbekistonda mazkur tashabbus doirasida temir yo'l va avtomobil yo'llarini modernizatsiya qilish, logistika markazlarini barpo etish, tranzit salohiyatini oshirish bo'yicha qator ishlar amalga oshirilmoqda.


"Bugungi kunda "Xitoy – Qirg'iziston – O'zbekiston" va "O'zbekiston – Afg'oniston – Pokiston" yo'nalishlari bo'yicha multimodal yuk tashish hajmini izchil oshirish asosiy ustuvor vazifalardan biri hisoblanadi. Xususan, qurilishi jadal sur'atlar bilan davom etayotgan "Xitoy-Qirg'iziston-O'zbekiston" strategik temir yo'l loyihasi mintaqa tarixidagi eng yirik infratuzilma tashabbuslaridan biri sifatida baholanib, "asr qurilishi" deb nomlandi. Bu temir yo'lning qurilishi, aslida, Buyuk ipak yo'lining yangi ko'rinishda qayta tiklanishini anglatadi", – deb yozgan muallif.


"Lookwe" jurnalida bosilgan maqola, "Ipak yo'lining tiklanishi nafaqat tarixiy merosni qayta tiklash, balki yangi jahon iqtisodiy tartibida munosib o'rin egallash imkoniyatidir. Transport infratuzilmasidagi yirik qo'shma loyihalar Yevroosiyo makonida strategik barqarorlik, iqtisodiy o'sish va xalqlar o'rtasidagi o'zaro ishonchga asoslangan hamkorlikning yangi davri boshlanishi uchun zamin yaratadi", – degan so'zlar bilan yakunlangan.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish