Logo

MAGATE: Markaziy Osiyo mintaqasi muzliklarni saqlash bo'yicha yetakchilik qilmoqda

Oktabr 07, 2025. 10:22 • 2 daq

50
MAGATE: Markaziy Osiyo mintaqasi muzliklarni saqlash bo'yicha yetakchilik qilmoqda

VENA, 7-oktyabr. / "Dunyo" AA/. Atom energiyasi bo'yicha xalqaro agentlik (MAGATE) O'zbekiston olimlari va mutaxassislarining mintaqaviy loyihalardagi faol ishtirokini yuqori baholab, muzliklarni saqlash bo'yicha global muammoni hal etishda Markaziy Osiyoning roli ortib borayotganini ma'lum qildi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.

MAGATE jurnalida e'lon qilingan maqolada qayd etishicha, Markaziy Osiyo va boshqa tog'li hududlardagi muzliklar misli ko'rilmagan darajada erishib, suv aylanishining o'zgarishiga, chuchuk suv zaxiralarining kamayishiga, ekotizimlar va iqtisodiyotlarga tahdid solmoqda.

"O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2024-yilda bo'lib o'tgan oltinchi Markaziy Osiyo davlatlari rahbari sammitida so'zlagan nutqida global iqlim o'zgarishi oqibatlari mintaqaning barcha mamlakatlarida allaqachon sezilayotganini ta'kidladi, – deyiladi maqolada. – Haroratning ko'tarilishi, muzliklarning erishi, suv toshqinlari, qurg'oqchilik va chang bo'ronlari ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotga jiddiy zarar yetkazayotgani va faol, hamkorlikda harakat qilishni talab qiladi".

Ta'kidlanishicha, Markaziy Osiyo davlatlari o'rtasida MAGATE ko'magida mintaqaviy hamkorlikka alohida e'tibor qaratilmoqda. Masalan, Agentlik ko'magida mintaqa davlatlari suv tahlili laboratoriyalari global tarmog'i (GloWAL) doirasida mintaqaviy tarmoq bo'yicha yo'l xaritasini ishlab chiqishda ishtirok etmoqda.

"O'zbekiston suvdan oqilona foydalanish va iqlim o'zgarishiga moslashishga qaratilgan ushbu mintaqaviy tashabbuslarda faol ishtirok etmoqda. Mamlakat MAGATEning qor qoplami va tog' muzliklarini o'rganishga qaratilgan yangi muvofiqlashtirilgan tadqiqot loyihasida ishtirok etmoqda", – deyilgan manbada.

Nashrda, shuningdek, muzliklarni saqlash global muammosini hal etishda Markaziy Osiyoning roli ortib borayotgani, suvdan barqaror foydalanish va iqlim o'zgarishi oqibatlarini yumshatishga qaratilgan mintaqaviy loyihalarni amalga oshirishda MAGATE hissasi va o'zbekistonlik olimlar hamda mutaxassislarning faol ishtirokining muhimligi ta'kidlangan.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish