Misr OAV: O'zbekiston Prezidentining BMT Bosh Assambleyasidagi nutqi O'zbekistonning dolzarb muammolarni hal etishda mintaqaviy yetakchi va global hamkor sifatidagi mavqeini namoyish etdi
Sentabr 25, 2025. 10:48 • 3 daq
• 36
QOHIRA, 25-sentyabr. /"Dunyo" AA/. Misrning "Al-Diplomasi" axborot agentligi "Tahlil...Yangi O'zbekiston, Yangi Markaziy Osiyo: parchalangan dunyoda umid ovozi" sarlavhali maqolani e'lon qildi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

"O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev BMT Bosh Assambleyasining 80-sessiyasidagi nutqida ichki o'zgarishlar, mintaqaviy hamkorlik va global muammolar haqida batafsil to'xtaldi. Uning jahon hamjamiyatiga murojaati O'zbekistonni nafaqat o'z mintaqasida ulkan islohotlarni davom ettirayotgan davlat, balki dolzarb muammolarni hal etishda mintaqaviy yetakchi va global hamkor sifatidagi mavqeini namoyish etdi", – deb yozgan muallif.
Prezident Shavkat Mirziyoyev so'nggi yillarda O'zbekistonni o'zgartirgan keng qamrovli islohotlarni alohida ta'kidladi. Ta'lim sohasidagi islohotlar, yuqori texnologiyali sanoatning o'sishi va "yashil" energiya investitsiyalari tufayli kambag'allik 35 foizdan 6,6 foizga qisqardi. Ta'lim olish, sog'liqni saqlashni rivojlantirish, xotin-qizlarning imkoniyatlarini kengaytirish va yoshlar imkoniyatlarini kengaytirish borasida katta yutuqlar qayd etildi. "O'zbekistonning maqsadi inson qadr-qimmati va barqaror taraqqiyotga asoslangan 2030-yilgacha o'rtadan yuqori daromadli davlatlar qatoriga qo'shilish", – deyilgan nashrda.
Qayd etilganidek, O'zbekiston yetakchisi o'z ma'ruzasida Markaziy Osiyo "yangi davr"ga qadam qo'yganini g'urur bilan ta'kidladi. "Ilgari yopiq chegaralar va kelishmovchiliklar bilan ajralib turgan bu mintaqa hozir barqarorlik, hamkorlik va integratsiya platformasiga aylandi. O'zaro savdo, investitsiya va infratuzilma loyihalari besh baravar ko'paydi, mintaqa yetakchilari o'rtasidagi maslahat uchrashuvlari institutsional tus oldi", – deb qayd etilgan manbada.
Shuningdek, BMT tuzilmalari bilan mintaqada qator yangi loyiha va dasturlarni amalga oshirishni, jumladan, EKOSOS va YUNKTAD shafeligida Markaziy Osiyo davlatlarining iqtisodiy taraqqiyoti masalalariga bag'ishlangan xalqaro forum o'tkazish, YUNIDO bilan sanoatda "yashil" texnologiyalar mintaqaviy xabini tashkil etish, mintaqamizda suv resurslaridan oqilona foydalanish, "yashil" makon barpo etish hamda demografik barqarorlikka erishish bo'yicha dasturlarni qabul qilish taklif qilindi.
Misr OAV yozganidek, O'zbekiston yetakchisi global va mintaqaviy xavfsizlik borasida fikr yuritar ekan, O'zbekiston Prezidenti Afg'onistondagi vaziyatga to'xtaldi. Afg'on xalqining tinch va osuda hayotga bo'lgan intilishini qo'llab-quvvatlash uchun xalqaro hamjamiyatning sa'y-harakatlarini birlashtirishga chaqirib, bu davlatning yakkalanib qolishiga yo'l qo'ymaslik o'ta muhimligini alohida ta'kidladi. O'zbekiston ushbu mamlakatda katta iqtisodiy va infratuzilma loyihalarini amalga oshirmoqchi ekani qayd etildi.
Prezident Afg'oniston orqali xalqaro transport va energetika koridorlarini rivojlantirish bo'yicha BMTning alohida rezolyutsiyasini qabul qilishni taklif etdi.
G'azo sektoridagi tobora yomonlashib borayotgan gumanitar inqiroz haqida gapirar ekan, O'zbekiston Prezidenti harbiy harakatlarni to'xtatish va siyosiy muzokaralarni davom ettirishga chaqirdi.
"Biz BMT rezolyutsiyalariga muvofiq, "ikki xalq uchun – ikki davlat" tamoyilini amalga oshirishning qat'iy tarafdorimiz", – deya O'zbekiston Prezidenti so'zlaridan iqtibos keltirilgan nashrda.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid
Oʻzbekiston delegatsiyasi ayollar muloqoti forumida ishtirok etdi
"Europa Press": Ispaniya va O'zbekiston qishloq xo'jaligi sohasida memorandum imzoladi
O'zbek milliy qadriyatlari "Charity Bazaar" xayriya festivalida e'tirof etildi