Logo

Pokiston OAV: O'zbekiston ziyorat turizmi – boy ma'naviy meros, tarix va mehmondo'stlikning noyob uyg'unligini taqdim etmoqda

Sentabr 30, 2025. 10:57 • 3 daq

56
Pokiston OAV: O'zbekiston ziyorat turizmi – boy ma'naviy meros, tarix va mehmondo'stlikning noyob uyg'unligini taqdim etmoqda

ISLOMOBOD, 30-sentyabr. "Dunyo" AA/. Pokistonning yetakchi ommaviy axborot vositalari O'zbekiston ziyorat turizmi salohiyatini keng yoritmoqda, deb xabar qilyapti "Dunyo" AA muxbiri.

Jumladan, ushbu mamlakatning "Associated Press of Pakistan – APP", "Global News Pakistan" axborot agentliklari, "Diplomatic Insight" va "Margalla Tribune" jurnallari, "Daily Ittehad" gazetasi, "World News Pakistan", "Election Times" va "World News" onlayn yangiliklar platformalarida "O'zbekiston nafaqat sayohat qilinadigan mamlakat, balki haqiqiy ma'naviy tiklanish markaziga aylanmoqda" sarlavhali maqolalar e'lon qilindi.

Nashrlarda Markaziy Osiyoning qoq markazida joylashgan O'zbekiston islom dunyosi xaritasidagi eng muhim nuqtalardan biri sanalishi ta'kidlangan. Shu ma'noda O'zbekistoning ziyorat turizmi salohiyati musulmon olamida yuqori qiziqishga sabab bo'layotir.

"O'zbekistonning qadimiy shaharlari – Samarqand, Buxoro, Termiz, asrlar davomida nafaqat savdo va ilm-fan markazlari bo'lib xizmat qilgan, balki musulmon olamining barcha burchaklaridan ziyoratchilarni o'ziga jalb etgan muqaddas maskanlarga aylangan, – deyilgan nashrlarda. – Bugungi kunda O'zbekiston ziyorat turizmi sohasida tobora ko'zga tashlanayotgan yo'nalishga aylanmoqda, bunda ma'naviy meros, boy tarix va mehmondo'stlikning noyob uyg'unligini taqdim etmoqda".

Ta'kidlanganidek, O'zbekistonga ziyoratchilarni jalb etadigan eng muhim omillardan biri – bu mashhur islom ulamolari, shayxlar, so'fiy ustozlar va solih insonlar bilan bog'liq ko'plab maqbaralar va ziyoratgohlarning mavjudligidir. Jumladan, Samarqandda buyuk imom al-Buxoriyning maqbarasi joylashgan. U mashhur "Sahihul Buxoriy" hadislar to'plamining muallifi bo'lib, bu asar ahamiyati jihatidan faqat Qur'oni karimdan keyingi o'rinda turadi. Samarqand yaqinida joylashgan uning maqbarasi butun dunyo musulmonlari uchun muhim ziyoratgohga aylangan.

Ma'lum qilinganidek, O'zbekiston Prezidenti tashabbusi bilan Imom Buxoriy majmuasi yangidan barpo etilmoqda. Bugungi kunda qurilish va muhandislik ishlari bitkazilib, pardozlash bosqichi boshlangan. Bunda milliy an'analar va issiq ranglarga alohida e'tibor berilgan.Shuningdek, Imom Moturidiy yodgorlik majmuasini ziyorat markaziga aylantirish, tiklash va obodonlashtirish ishlari amalga oshirilmoqda.

"Yana bir e'tiborga molik yangilik – bu Turizm qo'mitasi tomonidan sohadagi ekspertlar jalb qilinib, Turkiy davlatlar tashkilotining veb-portalida "Tabarruk ziyorat" turizm platformasi ishga tushirildi. Mazkur platformaga O'zbekiston hududida joylashgan Turkiy dunyo sivilizatsiyasida muhim o'rin tutgan 260 ga yaqin ziyoratgoh hamda qadamjolar to'g'risidagi ma'lumotlar 7 ta tilga tarjima qilinib, joylashtirildi", – deya ma'lum qilingan materiallarda.

Shuningdek, platformaga "Turkiy davlatlar bilan turizm sohasidagi hamkorlikni jadal rivojlantirish maqsadida "Turkiy adabiyot xazinasi" nomli kitoblar turkumi hamda Turkiy davlatlar tashkilotiga a'zo davlatlar moddiy madaniy-meros obyektlari, allomalari haqida ma'lumotlar bazasi shakllantirilib, moddiy madaniy-meros obyektlari, allomalari haqidagi ma'lumotlar turk tiliga tarjima qilinib, joylashtirildi.

Nashrlarda ta'kidlanishicha, 2025 yilning o'tgan 6 oyi davomida O'zbekistonga tashrif buyurgan umumiy sayyohlarning 57 foizi Turkiy davlatlar tashkilotiga a'zo va kuzatuvchi davlatlar hissasiga to'g'ri keldi. Shuningdek, O'zbekiston Prezidentining "Turkiy davlatlar bilan Turizm sohasidagi hamkorlikni jadal rivojlantirish chora-tadbirlari to'g'risida"gi qarori qabul qilinib, bevosita ijroga qaratilgan.

Maqolalar xulosasida, "O'zbekiston nafaqat oddiy sayohat qilinadigan mamlakat, balki haqiqiy ma'naviy tiklanish markaziga aylanmoqda", – deb yozilgan.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish