Logo

Pokiston OAV: AQSh va Markaziy Osiyo davlatlari strategik muloqotni jadallashtirmoqda

Noyabr 12, 2025. 10:39 • 3 daq

115
Pokiston OAV: AQSh va Markaziy Osiyo davlatlari strategik muloqotni jadallashtirmoqda

ISLOMOBOD, 12-noyabr. /"Dunyo" AA/. Pokistonning ommabop "Global News Pakistan" va "The Diplomatic Insight" elektron nashrlarida "O'zbekiston "C5+1" maydonchasida: AQSh va Markaziy Osiyo davlatlari bilan strategik muloqotni mustahkamlash" sarlavhali maqola e'lon qilindi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.

"Zamonaviy Markaziy Osiyo barqaror o'sish va o'zaro ishonch makoniga aylanib bormoqda. Mintaqa davlatlari savdo, energetika, transport va innovatsiyalar sohalarida amaliy tashabbuslarga ustuvor e'tibor qaratgan holda, global hamkorlar bilan muvozanatli aloqalarni yo'lga qo'yish yo'lida qat'iy intilmoqda, – deyilgan maqola muqaddimasida. – Ushbu jarayonning muhim mexanizmlaridan biri – Markaziy Osiyo davlatlari va AQShni birlashtirgan "C5+1" formatidir".

Nashrlarda qayd etilganidek, so'nggi yillarda "C5+1" formati diplomatik mexanizmdan tashabbuslarni muvofiqlashtirish va qo'shma loyihalarni amalga oshirish bo'yicha samarali platformaga aylandi. Samarqandda o'tgan Markaziy Osiyo mamlakatlari vazirlari yig'ilishi o'zaro ishonch va natijadorlikka yo'naltirilgan yondashuvni namoyon etdi.

Kun tartibining asosiy yo'nalishlari – oziq-ovqat xavfsizligi, iqlim barqarorligi, "yashil" va raqamli iqtisodiyot, transport yo'laklarini diversifikatsiya qilish hamda sanoat kooperatsiyasini chuqurlashtirishdan iborat bo'ldi.

Uchrashuv yakunida USAID bilan uglerodsizlashtirish va bojxona jarayonlarini raqamlashtirish bo'yicha memorandumlar imzolandi – bu savdo qoidalarini uyg'unlashtirish, eksportni yengillashtirish va yangi investitsiyalarni jalb etish yo'lini ochadi.

"Raqamlar o'z-o'zidan gapiradi: Markaziy Osiyo mamlakatlarining tashqi savdo aylanmasi 220 milliard dollarga yetdi – bu 2017-yilga nisbatan deyarli ikki barobar ko'p. O'zaro investitsiyalar hajmi 5,6 baravar, mintaqaning yalpi ichki mahsuloti esa so'nggi besh yilda 40 foizga oshib, 406 milliard dollardan oshdi. Bu o'sish nafaqat miqdoriy, balki sifat jihatdan ham yangi bosqichni bildiradi – alohida tashabbuslardan yagona mintaqaviy rivojlanish strategiyasiga o'tish", deb yozilgan materiallarda

Pokiston OAV ta'kidiga ko'ra, Markaziy Osiyo mamlakatlarining "C5+1" formati doirasidagi ishtiroki mintaqaviy integratsiyaga yangi sifat bag'ishlamoqda – milliy manfaatlarni barqaror rivojlanishning global tendensiyalari bilan uyg'unlashtirmoqda.

AQSh va mintaqa mamlakatlari "yashil" energetika, barqaror yetkazib berish zanjirlari, infratuzilmani modernizatsiya qilish va inson kapitalini rivojlantirish yo'nalishlarida uzoq muddatli hamkorlikni shakllantirmoqda.

Raqamli savdo, ekologik boshqaruv va logistika texnologiyalarining yagona standartlarini joriy etish Markaziy Osiyoni Yevroosiyo qiymat zanjirining muhim bo'g'iniga aylantirmoqda.

Maqolalarda, shuningdek, Markaziy Osiyo uchun "C5+1" formati investitsiyalar va texnologiyalarni jalb etish, yangi bozorlarni ochish, energetika sohasini rivojlantirish, ta'lim dasturlar va ilg'or kompaniyalar bilan tajriba almashish kabi imkoniyatlarni kengaytirishi ta'kidlangan.

 "Markaziy Osiyo tobora "kesishuv geografiyasi"dan "sinergiya mintaqasiga" aylanmoqda. "C5+1" formati mintaqa va global hamkorlarning sa'y-harakatlarini ishonch, o'zaro manfaat va barqaror o'sishga asoslangan yagona strategiyaga birlashtiruvchi tayanch bo'lib xizmat qilmoqda. O'zbekiston uchun ushbu platformadagi ishtirok – bu shunchaki tashqi siyosat yo'nalishi emas, balki sanoatlashtirish, eksportni rivojlantirish va fuqarolar farovonligini oshirishga qaratilgan milliy strategiyani amalga oshirish vositasidir", – deyilgan nashrlar intihosida.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish