Logo

Pokiston OAV: Toshkentda "RCCI International Achievement Awards" g'oliblarini taqdirlash marosimi bo'lib o'tdi

Noyabr 15, 2025. 17:53 • 3 daq

66
Pokiston OAV: Toshkentda "RCCI International Achievement Awards" g'oliblarini taqdirlash marosimi bo'lib o'tdi

ISLOMOBOD, 15-noyabr /"Dunyo" AA/. Pokistonning yetakchi ommaviy axborot vositalari Toshkentda bo'lib o'tgan O'zbekiston – Pokiston biznes konferensiyasi va "36th RCCI International Achievement Awards" g'oliblarini taqdirlash marosimini keng yoritmoqda, deb xabar qiladi "Dunyo" AA muxbiri.

Xususan, ushbu mamlakatning "Associated Press of Pakistan" va "Global News Pakistan" axborot agentliklari, "Daily Spokesman", "The Nation" gazetalari va saytlari, "The Diplomatic Insight" va "Pakistan in the World" jurnallari hamda "Islamabad Post" yangiliklar platformasida "Toshkentda O'zbekiston-Pokiston biznes-forumi va "RCCI International Achievement Awards" g'oliblarini taqdirlash marosimi bo'lib o'tdi" sarlavhali maqolalar e'lon qilindi.

Nashrlarda Toshkentda O'zbekiston – Pokiston biznes konferensiyasi va "36th RCCI International Achievement Awards" g'oliblarini taqdirlash marosimi bo'lib o'tgani xabar qilingan.

"Tadbirlar O'zbekistonning Pokistondagi elchixonasi tashabbusi bilan Ravalpindi Savdo-sanoat palatasi – RCCI hamkorligida, O'zbekiston hukumati va biznes tuzilmalari ko'magida savdo-iqtisodiy sheriklikni kengaytirish, investitsiya loyihalarini rivojlantirish va ikki mamlakat bizneslari o'rtasida to'g'ridan-to'g'ri aloqalarni o'rnatish maqsadida tashkil etildi. Uning doirasida O'zbekiston-Pokiston biznes-forumi, B2B va B2G shaklidagi muzokaralar, shuningdek, O'zbekistonning investitsiya va eksport salohiyati bo'yicha taqdimotlar bo'lib o'tdi", – deyilgan materiallarda.

Ma'lum qilinganidek, O'zbekiston-Pokiston biznes-forumida sanoat, qishloq xo'jaligi, farmatsevtika, to'qimachilik, logistika, qurilish, axborot texnologiyalari va turizm sohalarida faoliyat yurituvchi tadbirkorlar ishtirok etdi.

"Ikki tomon vakillari iqtisodiy aloqalarning rivojlanishi, qo'shma loyihalarni kengaytirish va to'g'ridan-to'g'ri hamkorlikni kuchaytirish zarurligini ta'kidladilar. O'zbekistonda investorlar uchun ochiq, zamonaviy va qulay muhit yaratilgan, mintaqaviy o'zaro bog'liqlik tashabbusi doirasidagi loyihalar qo'llab-quvvatlanayotgani qayd etildi", – deb yozilgan manbalarda.

 Pokiston OAV ta'kidiga ko'ra, mamlakatlar o'rtasidagi ikki tomonlama iqtisodiy aloqalarni kengaytirish va yaqin istiqbolda o'zaro savdo hajmini 2 milliard dollarga yetkazish bo'yicha faol ishlar amalga oshirilmoqda.

Qayd etilishicha, forum yakunida O'zbekiston Savdo-sanoat palatasi va Ravalpindi Savdo-sanoat palatasi o'rtasida, Ravalpindi Savdo-sanoat palatasi va "Sky Electric" o'rtasida Hamkorlik memorandumlari imzolandi. Shuningdek, "Caraway Pharmaceuticals" va "Perfect Future Medicine", "Neutrics Global (Pvt) Ltd va ANT Group", Pak World Trade & Expo Centre va BMCA o'rtasida o'zaro sheriklikni yo'lga qo'yish bo'yicha muhim kelishuvlarga erishildi.

"Pokiston ishbilarmonlar delegatsiyasining O'zbekistonga tashrifi davomida Toshkent shahrida "36th RCCI International Achievement Awards" mukofotlarini tantanali topshirish marosimi bo'lib o'tdi", – deya urg'ulangan maqolalarda.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish