Logo

Polsha OAV: O'zbekiston YUNESKO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasini o'tkazishga jiddiy hozirlik ko'rmoqda

Yanvar 28, 2025. 15:16 • 2 daq

101
Polsha OAV: O'zbekiston YUNESKO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasini o'tkazishga jiddiy hozirlik ko'rmoqda

VARSHAVA, 28-yanvar. /"Dunyo" AA/. Polshaning "Talabalar yangiliklari guruhi" portalida "YUNESKO Bosh konferensiyasi 2025-yil Parijda emas, Samarqandda bo'lib o'tadi" sarlavhali maqola e'lon qilindi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Unda joriy yil O'zbekistonning tarixiy Samarqand shahri YUNESKO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasiga mezbonlik qilishi va mazkur anjumanga jiddiy tayyorgarlik ko'rilayotgani ma'lum qilingan.

"Mazkur yirik xalqaro tadbirga tayyorgarlik doirasida 13-yanvar kuni O'zbekistonning Varshavadagi elchixonasida tadbir tashkil etildi, – deb yozilgan portalda. – Unda Polsha ishbilarmon doiralari, madaniyat, fan, oliy ta'lim vakillari ishtirok etdi. O'zbekistondan ham bir guruh oliy ta'lim sohasi xodimlari qatnashdi".

O'zbekiston elchisi Amirsaid A'zamxo'jayev mehmonlarga mazkur anjumanga ko'rilayotgan tayyorgarlik ishlari haqida batafsil so'zlab berdi. "Elchi joriy yilning noyabr oyida O'zbekistonning qadimiy shahri Samarqandda Birlashgan Millatlar Tashkilotining Ta'lim, fan va madaniyat masalalari bo'yicha tashkiloti – YUNESKO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasi bo'lib o'tishini ma'lum qildi", – deyilgan maqolada.

"Bu shunchaki anjuman emas, bu O'zbekiston uchun tarixiy voqea. Bosh konferensiya doirasida 100 dan ortiq yuqori darajadagi tadbirlar bo'lib o'tadi va bu YUNESKO bilan hamkorligimiz tarixidagi eng muhim voqealardan biriga aylanadi", – deya O'zbekiston diplomatik vakolatxonasi rahbari so'zlaridan iqtibos keltirgan portal.

Qayd etilganidek, ushbu muhim voqeaga o'tgan yildan buyon tayyorgarlik ko'rilmoqda. 2024-yil mart oyida O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev mazkur xalqaro forumga tayyorgarlik ko'rish to'g'risidagi qarorni imzoladi. YUNESKO Bosh konferensiyasini tashkil etish uchun Bosh vazir boshchiligida tashkiliy qo'mita tuzildi.

 Tadbirda, shuningdek, Polsha–O'zbekiston hamkorligining bugungi holati va istiqbollariga e'tibor qaratildi. O'zbekiston Polshaga Yevropadagi muhim, istiqbolli va uzoq muddatli hamkor sifatida qarashi bildirildi.

Maqola "Anjuman davomida Polsha vakillari ikki tomonlama hamkorlikning turli shakllariga oid masalalar bo'yicha o'z takliflarini bildirdilar", – degan so'zlar bilan yakunlangan.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish