Logo

Toshkent shahrida barpo etilayotgan Islom sivilizatsiyasi markazi O'zbekistonning jahon madaniy sahnasiga qaytishi ramzi

Oktabr 03, 2025. 13:35 • 3 daq

162
Toshkent shahrida barpo etilayotgan Islom sivilizatsiyasi markazi O'zbekistonning jahon madaniy sahnasiga qaytishi ramzi

TOSHKENT, 3-oktyabr. /"Dunyo" AA/. Rossiyaning "Rossiyskaya gazeta" nashrida va Belgiyaning "Eurasiafocus.com" saytida o'zbekistonlik siyosatshunos Qudratilla Rafiqovning "Alamim bor" sarlavhali maqolasi e'lon qilindi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Muallif yozganidek, O'zbekistonda kechayotgan islohotlarning asosida Prezident Shavkat Mirziyoyevning islohotchi energiyasi yotadi. Davlat rahbari faqatgina ijtimoiy-iqtisodiy o'zgarishlarga emas, balki ma'naviy qadriyatlarni tiklash, milliy iftixorni mustahkamlash va madaniy merosni asrab-avaylashga ham alohida e'tibor qaratmoqda.

"Bugun O'zbekiston qanday yo'lga kirganini va bu yerda nimalar bo'layotganini zukko tahlilchilar, ma'rifatli insonlar ko'rib, his qilib turganiga ishonaman. Ammo bir nozik jihat borki, buni hammayam ilg'ab olayotganiga shubham bor. Men ilgarigi bir necha maqolalarimda bildirgan fikrimda sobitman – uzoq yillar ko'p balolarni boshidan kechirishga majbur bo'lgan bu yurt va uning xalqi endilikda nafaqat mamlakat suverenitetini mustahkamlash, balki unuttirilgan va bag'ridan yulib olingan ulug' o'tmish xotirasi, madaniyati va ajdodlari merosini tiklash hamda bu sharafli harakat o'laroq o'z kimligini topishga, ma'naviy yangilanishga bel bog'ladi, desam, to'g'ri bo'ladi", – deb yozgan muallif.

Shu bilan birga, nashrda Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan Toshkent shahrida barpo etilayotgan Islom sivilizatsiyasi markazi O'zbekistonning jahon madaniy sahnasiga qaytishi ramzi sifatida baholangan.

Muallif yaqin o'tmish haqida fikr yuritar ekan, ajdodlarimiz kimu, bu dunyoda joyimiz qayerda bo'lganini unutib qo'yganimiz, eng alamlisi, zamonaviy dunyo sahnidagi madaniy va tarixiy o'rnimiz qumga sing­gan suvday "yo'qolib" qolganini ta'kidlaydi.

"Mamlakatimizda Uchinchi Renessans masalasida gap-so'zlar ko'tarilgan va bu mulohaza g'oya sifatida yuqori minbarlardan aytilgan kezlarda ba'zilar bunga istehzo bilan qaraganini yaxshi eslayman. Bunday kayfiyatdagilarni bugun "yo'q" desam, yolg'on gapirgan bo'laman – shunday tushuncha va qarashdagilar hozir ham bor. Ammo muammo shundaki, bu kabi odamlar olib borilayotgan siyosatning faqat ustki qatlaminigina ko'rayotir. Shavkat Mirziyoyev fenomenidagi "o'zga"lik shundaki, u ichidagi orzu-armoni, o'z xalqi, vataniga bo'lgan yoniq muhabbatini namoyishkorona ifoda etmadi, pisanda qilganlar, turli darajadagi kinoya-yu qochirimlardan balandroq turdi. Ammo uning faoliyatini jiddiy kuzatgan kishi Prezident siyratidagi asl manzarani, otashin g'oyani ilg'ashi mumkin", – deya urg'ulangan materialda.

Maqolada ta'kidlanganidek, Islom sivilizatsiyasi markazi qurilishi fikri O'zbekiston Prezidenti tomonidan aynan u endigina ishga kirishgan, 2017-yil o'rtaga tashlangan va bu ulug' tashabbusga kirishilgan edi. 

"Toshkentning mashhur Hazrati Imom maj­muasi hududida joylashgan ­loyiha 10 gektarlik maydonni o'z ichiga oladi. Muhtasham inshootning uzunligi 161, eni 118 metrga yetadi. U uch qavatdan iborat. Markazidagi moviy gumbaz balandligi 65 metrni tashkil etadi. Bino 1,8 gektar maydonda barpo etilib, foydalanish hududi 42 ming kvadrat metr. Bu statistikaning o'zi shuni ko'rsatadiki, O'zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi o'zining mahobati, maydoni va qamroviga ko'ra, dunyoda Islom tarixi, madaniyati va sivilizatsiyalarini o'rganish va targ'ib etishga qaratilgan eng katta majmualardan biriga aylanadi", – deb yozgan Qudratilla Rafiqov. 

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish