Yaponiyaning yetakchi telekanalida "Ekspo-2025" Butunjahon ko'rgazmasi maydonida qurilgan O'zbekiston milliy pavilyoniga bag'ishlangan ko'rsatuv namoyish etildi
Aprel 24, 2025. 16:03 • 2 daq
• 69
TOKIO, 24-aprel. /"Dunyo" AA/. Yaponiyaning ommabop "Mainichi Broadcasting System, Inc." (MBS) telekanalida Osaka shahrida o'tkazilayotgan "Ekspo-2025" Butunjahon ko'rgazmasi maydonida qurilgan O'zbekiston milliy pavilyoniga bag'ishlagan maxsus ko'rsatuv namoyish etildi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.
"O'zbekiston pavilyoni: kelajak va an'analar uyg'unligi" nomli teledastur mamlakatimiz elchixonasi ko'magida tayyorladi. Unda O'zbekiston pavilyonining o'ziga xosligi va zamonaviy g'oyalari haqida batafsil ma'lumot berilgan. O'zbekiston tarixi, madaniyati va kelajakka oid rejalari haqidagi muhim ma'lumotlar tomoshabinlar e'tiboriga taqdim qilingan.
Shuningdek, ko'rsatuvda O'zbekiston milliy pavilyoni "Ekspo-2025" ko'rgazmasining eng diqqatga sazovor va innovatsion inshootlaridan biri sifatida e'tirof etilgan.
"Pavilyon Yaponiyada o'sadigan 286 ta sugi daraxtidan bunyod etilgan, maxsus binoning balandligi 8 metr. Tashqi devorlar Avajida loydan tayyorlangan ekologik plitkalar bilan bezatilgan. Loyihaning asosiy g'oyasi – "Bilimlar bog'i", ya'ni yosh avlodning ta'lim olish va taraqqiyotga intilishini ifoda etadi", – deya ta'kidlagan dastur muallifi.
Qayd etilishicha, pavilyon interyeridagi 360 gradusli ekran va proyeksion mepping texnologiyasi yordamida O'zbekistonning boy madaniyati va tabiiy go'zalliklari virtual ravishda namoyon etiladi. Shuningdek, Yaponiyada ilk bor joriy etilgan ko'tariluvchi sahna yordamida tashrif buyuruvchilar 10 metr balandlikka ko'tarilib, O'zbekiston kelajagini "vaqt ichidagi sayohat" shaklida kuzatish imkoniga ega bo'ladilar.
O'zbekistonning tarixiy shaharlari, ayniqsa Samarqand va Registon maydoni, me'moriy uslublari va ko'k mozaikalari orqali jahon e'tiborini tortadi. Pavilyon ushbu an'anaviy elementlarni zamonaviy uslubda qayta namoyon etib, mehmonlarga Islom madaniyati va milliy naqshlar haqida aniq tasavvurni shakllantiradi.
Shuningdek, dastur davomida "MBS" ijodiy guruhining 2024-yil 22–27-yanvar kunlari O'zbekistonga amalga oshirgan safari chog'ida suratga olingan mamlakatimizning turizm salohiyati va madaniy merosi haqidagi lavhalar ham namoyish etildi.
Eslatib o'tamiz, Yaponiyaning Osaka shahrida 13-aprel kuni ochilgan "Ekspo-2025" ko'rgazmasi 13-oktyabrgacha davom etadi. Butunjahon ko'rgazmasini o'tkazish bo'yicha Yaponiya Assotsiatsiyasi ma'lumotiga ko'ra, 158 mamlakat ishtirok etayotgan mazkur tadbirga har kuni 150 ming kelmoqda, 6 oy davomida esa 28,2 million mehmon tashrif buyurishi kutilmoqda.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid
Oʻzbekiston delegatsiyasi ayollar muloqoti forumida ishtirok etdi
"Europa Press": Ispaniya va O'zbekiston qishloq xo'jaligi sohasida memorandum imzoladi
O'zbek milliy qadriyatlari "Charity Bazaar" xayriya festivalida e'tirof etildi