Afg'oniston OAV O'zbekiston Prezidentining Parlamentlararo ittifoqning 150-yubiley Assambleyasining ochilishidagi nutqi haqida yozmoqda

Aprel 09, 2025. 11:44 • 2 daq

131
Afg'oniston OAV O'zbekiston Prezidentining Parlamentlararo ittifoqning 150-yubiley Assambleyasining ochilishidagi nutqi haqida yozmoqda

KOBUL, 9-aprel. /"Dunyo" AA/. Afg'onistondagi "TOLO news", "Ariana News", "Salam Vatandor" va "Bakhtar news" kabi axborot agentliklari O'zbekiston Prezidentining 7-aprel kuni Toshkent shahrida bo'lib o'tgan Parlamentlararo ittifoqning 150-Assambleyasining ochilishidagi nutqiga bag'ishlangan turkum maqolalarni e'lon qildi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

"O'zbekiston Prezidenti Parlamentlararo ittifoq Assambleyasining ochilishidagi nutqida Afg'oniston rahbariyati bilan hamkorlik va muloqotni davom ettirish, xalqaro hamjamiyat Afg'oniston masalasini unutmasligi zarurligini ta'kidladi", – deyilgan nashrlarda.

Jumladan, afg'on OAV davlatimiz rahbarining quyidagi so'zlarini iqtibos sifatida keltirgan: "Bizga qo'shni bo'lgan Afg'oniston haqida to'xtalib o'tmaslik mumkin emas. Ushbu mamlakatning xalqaro maydonda yakkalanib qolishiga yo'l qo'ymaslik, amaldagi hukumat bilan konstruktiv muloqot o'rnatish, Afg'onistonga Markaziy Osiyo mintaqasining ajralmas qismi va yangi imkoniyatlar makoni sifatida qarash lozim, deb hisoblaymiz".

Qayd etilishicha, Afg'oniston muvaqqat hukumati O'zbekiston Prezidentining fikrlarini olqishladi.

"O'zbekiston Prezidentining Afg'onistonga oid ijobiy bayonotlari va pozitsiyasini yuqori baholayman. So'nggi paytlarda Afg'oniston va O'zbekiston o'rtasida siyosiy, iqtisodiy, savdo-sotiq, tranzit va sarmoyaviy aloqalar yaxshilandi. Afg'oniston qo'shni davlatlar, mintaqa va boshqa mamlakatlar bilan aloqalarini kengaytirishga intilmoqda", – deya Afg'oniston muvaqqat hukumati matbuot kotibi o'rinbosari Hamdulloh Fitrat so'zlaridan iqtibos keltirilgan maqolalarda.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish