Logo

Germaniyadan munosabat: Geostrategik jihatdan muhim hududda joylashgan davlat rahbarining diplomatik mahorati biz uchun katta ahamiyatga ega

Iyul 24, 2025. 13:21 • 5 daq

38
Germaniyadan munosabat: Geostrategik jihatdan muhim hududda joylashgan davlat rahbarining diplomatik mahorati biz uchun katta ahamiyatga ega

BERLIN, 24-iyul. /"Dunyo" AA/. "Germaniya–O'zbekiston forumi" prezidenti Detlef Prins "Dunyo" AA uchun intervyusida Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan mamlakatimizda olib borilayotgan keng ko'lamli islohotlar va ularning xalqaro miqyosdagi ahamiyati haqidagi fikrlari bilan o'rtoqlashdi:

– O'zbekiston Prezidenti olib borayotgan siyosat nafaqat Germaniyada va Yevropada, balki butun dunyoda mamlakat nufuzining oshishiga ijobiy turtki bermoqda. Natijada bugun xalqaro hamjamiyat O'zbekistonga Markaziy Osiyoda demokratik islohotlarni va fuqarolik jamiyatini rivojlantirishning markazi sifatida qaramoqda.

Davlatingiz rahbari o'zining oqilona tashqi siyosati tufayli qudratli davlatlar bilan ham, Afg'oniston kabi murakkab qo'shnilar bilan ham teng muzokaralar orqali iqtisodiy hamkorlikni yo'lga qo'yishga erishdi. Shu sababli, ham O'zbekiston Prezidenti xalqaro darajada obro'ga ega va adolatparvar shaxs sifatida e'tirof etilmoqda. Xuddi shunday, Germaniyada ham O'zbekiston Prezidentiga katta hurmat bilan qaraladi.

Mamlakat so'nggi yillarda ijobiy o'zgarishlar bilan rivojlanayotgani va bu Germaniyada ham e'tirof etilayotgani meni quvontiradi. Masalan, siyosiy yoki iqtisodiy doiralardagi yurtdoshlarim, ayniqsa O'zbekistonda faoliyat yuritayotgan nemis kompaniyalari vakillari bilan suhbatlarda yurtingiz haqida haqida so'z ochishim bilan faqat ijobiy fikrlarni eshitaman.

Mamlakatlarimiz o'rtasida bugun turli yo'nalishlarda hukumatlararo qo'shma loyihalar amalga oshirilmoqda. Ayniqsa, sog'liqni saqlash tizimini rivojlantirish va yangi zamonaviy texnologiyalar sohasida umumiy standartlar ishlab chiqish loyihalari bo'yicha kelishuvlarga erishilgan. Umuman olganda, mamlakatlarimiz o'rtasidagi ko'pqirrali hamkorlik Germaniya uchun katta ahamiyatga ega.

Federal Prezident Frank-Valter Shtaynmayer tashqi ishlar vaziri bo'lgan davrda, uning tashabbusi bilan ishlab chiqilgan va ilgari surilgan Markaziy Osiyo strategiyasi bugungi kunda o'z samarasini bermoqda. Germaniya va Markaziy Osiyo o'rtasidagi hamkorlikni hech qanday shubhasiz ijobiy deb baholash mumkin. Ushbu jarayonda O'zbekiston mintaqa respublikalari orasida markaziy rol o'ynaydi, albatta.

O'zbekiston Prezidenti shunday bir siyosiy muhitni yaratdiki, buning natijasi o'laroq, so'nggi yillarda Yevropa Ittifoqi O'zbekiston bilan yaqin hamkorlikni yo'lga qo'yishga muvaffaq bo'ldi. Shu o'rinda rasmiy Bryussel bilan turli sohalarda erishilgan loyihalarni eslatib o'tish o'rinlidir.

Bularning barchasi bugun mintaqada barqaror rivojlanishga xizmat qilmoqda. Bunda O'zbekistonning mintaqadagi rolini yetarlicha yuqori baholash lozim, deb hisoblayman. Hozirgi murakkab global siyosiy sharoitda O'zbekiston asosiy geosiyosiy ahamiyatga ega mamlakat sifatida e'tirof etilmoqda.

Ayni paytda dunyoda yuz berayotgan ziddiyatlar sababli murakkab siyosiy va xalqaro miqyosda mojaroli vaziyatlar kuzatilmoqda. Shu bois, O'zbekiston Prezidentining Markaziy Osiyo respublikalarining yetakchilardan biri sifatidagi roli muloqot maydonlarini yaratish va muloqotga tayyorlik muhitini shakllantirishda, ayniqsa, muhim ahamiyatga ega. Albatta, Germaniya tomoni buni yuqori baholaydi, chunki geostrategik jihatdan muhim hududda joylashgan davlat rahbarining diplomatik mahorati biz uchun katta ahamiyatga ega.

O'zbekistonning nufuzli xalqaro anjumanlarni o'tkazishga tayyorligi va mehmondo'stligini alohida ta'kidlashni xohlardim. Bugun mamlakat investorlar forumi va xalqaro tashkilotlar tomonidan o'tkazilayotgan yirik anjumanlarga mezbonlik qilish qatorida turli xalqaro tashkilotlarga o'z tashabbusi bilan chiqmoqda.

Mamlakatning Birlashgan Millatlar Tashkiloti kabi xalqaro tuzilmalardagi tashabbuslari tobora muhim ahamiyat kasb etib, boshqa davlatlar tomonidan ham ijobiy baholanmoqda. Bu mamlakat obro'sini mustahkamlanishiga katta hissa qo'shadi va uning Markaziy Osiyodagi muhim xalqaro rolini belgilaydi, O'zbekistonni xalqaro siyosiy tashkilotlarning bir qismiga, o'z ta'sirini kuchaytirib borayotgan tinchlikparvar davlatga aylantiradi.

O'z tajribamdan bilamanki, Prezident Shavkat Mirziyoyevning so'zi, fikri, pozitsiyasi va qo'shni davlatlar hamda mojaroli tomonlar bilan muloqotga tayyorligi xalqaro darajada juda yuqori qadrlanadi va hurmat qilinadi. O'zbekiston Prezidentiga tashqi siyosatdagi bunday oqilona yo'lni yaqin qo'shnichilik munosabatlarida ham, xalqaro darajada ham davom ettirishni, tinchlik yo'lida olib borayotgan ijobiy sa'y-harakatlari bardavom bo'lishi uchun kuch-quvvat va bardamlik tilayman.

Germaniya Federal Prezidenti va O'zbekiston Respublikasi Prezidentining taklifi bilan "Germaniya-O'zbekiston forumi"ga asos solingan edi, bugun jamiyatning barcha qatlamlari vakillaridan iborat forum a'zolari o'zaro munosabatlarini yanada faollashtirish yo'lida yaqindan hamkorlik qilmoqdalar. Shu tariqa, birodar shaharlar – Toshkent va Berlin o'rtasidagi hamkorlik aloqalari ham yangi sur'atda rivojlanmoqda. Bundan tashqari, o'zbekistonlik yoshlarni dual kasbiy ta'limga o'qitish, ularga sifatli ta'lim berish uchun, avvalo, o'qituvchilar malakasini oshirish bo'yicha uzviy hamkorlikda ishlayapmiz.

O'zbekistonning ajoyib turizm salohiyatini, tarixi va madaniyatini Germaniyada yanada kengroq tanitish, mamlakatlarimiz o'rtasidagi do'stona aloqalarning yanada mustahkamlanishi va hamkorlikning yorqin kelajagi uchun d o'z hissamizni qo'shishga intilamiz.

Shu o'rinda aytish joizki, Toshkent-Berlin shaharlari hamkorligi doirasida xalqlarimiz uchun yangi axborot manbasi, ya'ni nemis va o'zbek tillarida chiqadigan "Poytaxtnoma" ("Der Hauptstadtbrief") gazetasini chop etishga erishdik. Umid qilamanki, bu nashr ikki mamlakat va ikki xalqni bir-biriga yaqindan tanishtirish hamda kelajakda do'stona munosabatlarni yanada mustahkamlash hissa qo'shadi.

Fursatdan foydalanib, Prezident Shavkat Mirziyoyev shaxsiga ham alohida to'xtalishni istardim. Bu inson bilan ilk bor Berlinda tashkil etilgan "O'zbekistonning madaniy xazinalari: Makedoniyalik Iskandardan to Kushonlar saltanatigacha" qo'shma ko'rgazmaning ikki davlat rahbarlari ishtirokidagi rasmiy ochilish marosimida tanishganman va shundan so'ng Prezident bilan ikki marta shaxsan suhbatlashish sharafiga muyassar bo'ldim. Prezident Shavkat Mirziyoyevning do'stona munosabati, ziyoliligi, eng avvalo, siyosiy uzoqni ko'ra bilishi menda katta taassurot qoldirgan. Bir suhbatimizda Prezident menga: "Odamlar nimani xohlashlarini va qanday yashayotganlaridan xabardor bo'lish juda muhim", degandi. Keyinchalik O'zbekistonda bo'lib o'tgan suhbatlar menga shuni ko'rsatdiki, Prezident Shavkat Mirziyoyev nafaqat o'z xalqi qanday yashayotgani, nima istayotganini tushunadi, balki shu bilan birga mamlakatni xalqaro miqyosda nufuzini oshirishga, mintaqada va dunyoda barqaror tinchlik muhitida taraqqiy etgan davlat darajasiga olib chiqishga intiladi. Bu xalqaro maydonda juda muhim, markaziy o'rin tutadi va biz bu dono siyosiy yo'lni davom ettirish uchun davlatingiz rahbariga muvaffaqiyat tilaymiz.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish