Markaziy Osiyo yoshlar forumi ishtirokchilarining takliflaridan «Inson huquqlari 75» yoshlar deklaratsiyasini ishlab chiqishda foydalaniladi
Oktabr 23, 2023. 16:51 • 3 daq
• 171
TOSHKENT, 23-oktyabr. /«Dunyo» AA/. Bugun Toshkent shahrida boshlangan Markaziy Osiyo yoshlar forumi ishtirokchilariga BMTning Inson huquqlari bo'yicha oliy komissari Folker Tyurk va Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti (YeXHT) Demokratik institutlar va inson huquqlari bo'yicha byurosi direktori Matteo Mekachchi murojaat yo'lladilar, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA muxbiri.

Xalqaro anjuman dunyo hamjamiyati tomonidan BMT kuni deb e’lon qilingan tarixiy sana – 24-oktyabr arafasida va O'zbekiston Prezidentining 2023-yil 12-maydagi Farmoni bilan tasdiqlangan «Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi qabul qilinganligining 75 yilligiga bag'ishlangan tadbirlar dasturi» doirasida o'tkazilmoqda.
BMTning O'zbekistondagi Doimiy muvofiqlashtiruvchisi nomidan – YUNISEFning mamlakatimizdagi vakili vazifasini bajaruvchi Jofri Ijumba va YeXHT amaldagi raisining Yoshlar masalalari bo'yicha maxsus vakili Memet Jakuning qutlov so'zlari tinglandi.
Spikerlar Markaziy Osiyo yoshlar forumi uning ishtirokchilari uchun yoshlar huquqlari va imkoniyatlarini ta’minlash hamda himoya qilish mexanizmlari bo'yicha zaruriy bilimlarga ega bo'lish, o'zaro tajriba almashish, dolzarb g'oya va loyihalarni ro'yobga chiqarish uchun qulay axborot-ma’rifat va amaliy muhokama-munozara maydoniga aylanishiga ishonch bildirdilar. Bunda xalqaro anjuman ishi davomida siyosatchilar va jamoat arboblari, ilmiy-akademik doiralar namoyandalari va tadbirkorlar, O'zbekiston va dunyo yoshlari vakillari o'rtasida bo'lib o'tadigan jonli muloqotlar muhim ahamiyat kasb etishiga e’tibor qaratildi.
O'zbekiston Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi spikerining birinchi o'rinbosari, Inson huquqlari bo'yicha Milliy markazi direktori Akmal Saidov xalqaro forumni ochar ekan, ushbu jahon anjumanining o'ziga xos xususiyatlari, dolzarbligi va muhimligini ko'rsatadigan quyidagi mezonlarni alohida ta’kidladi:
birinchidan, Markaziy Osiyo yoshlar forumi Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining 75 yilligi va Inson huquqlari bo'yicha Vena butunjahon konferensiyasining 30 yilligini keng nishonlash doirasida bo'lib o'tmoqda;
ikkinchidan, mazkur Forum aholisining qariyb yarmini yoshlar tashkil etadigan Markaziy Osiyo mintaqasida yoshlar huquqlarini ta’minlash bo'yicha birdamlik va hamkorlikni o'zida ramziy ifodalaydi;
uchinchidan, Forum O'zbekiston Respublikasi Prezidentining BMT Bosh Assambleyasi 78-sessiyasida Birlashgan Millatlar Tashkiloti huzurida Markaziy Osiyo yoshlarini rivojlantirishga ko'maklashish bo'yicha Ishchi guruhni tashkil etish to'g'risidagi tashabbusini amalga oshirish doirasida o'tkazilmoqda;
to'rtinchidan, shakl va mazmun jihatidan o'ziga xos tarzda – onlayn va oflayn shaklda o'tkazilayotgan ushbu xalqaro anjumanda mintaqamiz mamlakatlarining 500 dan ortiq yoshlari, jumladan yoshlar parlamenti a’zolari, yoshlar tashkilotlari yetakchilari va faol navqiron insonlar, shuningdek, mamlakatimizning barcha hududlaridagi oliy ta’lim muassasalari talaba-yoshlari qatnashmoqda;
beshinchidan, Forum maydonida yoshlar bilan o'tkaziladigan maslahatlashuvlar natijalaridan 2023-yil dekabr oyida Jenevada o'tadigan yuqori darajadagi tadbirda taqdim etilishi rejalashtirilayotgan «Inson huquqlari – 75» yoshlar deklaratsiyasi loyihasini ishlab chiqishda foydalaniladi.
Forumda milliy va xorijiy ekspertlar, Markaziy Osiyo mamlakatlari yoshlar tashkilotlari yetakchilari, yoshlar parlamentlari, inson huquqlari bo'yicha milliy institutlar, fuqarolik jamiyati institutlari, ommaviy axborot vositalari, shuningdek, yoshlar huquqlari bo'yicha xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar vakillari – 800 nafardan ortiq ishtirokchi qatnashmoqda.
Ayni paytda «Yoshlar maslahatlashuvlari: xalqaro miqyosda yoshlar huquqlarini ilgari surish istiqbollari» mavzusidagi 3-yalpi majlis bo'lib o'tmoqda. nda Unda ishtirokchilar inson huquqlarining holati va istiqbollari yuzasidan fikr almashadilar, davlat, fuqarolik jamiyati va xalqaro tashkilotlarning inson huquqlarini mustahkamlash, hurmat qilish va himoya qilish bo'yicha harakatlarini muhokama qiladilar. Shuningdek, ular kelajakda inson huquqlarini ta’minlash uchun yoshlar qanday majburiyatlarni olishlari kerakligini ham ko'rib chiqadilar.
Qayd etilishicha, maslahatlashuv davomida yoshlar tomonidan bildirilgan takliflardan 2023-yil dekabr oyida Jenevada bo'lib o'tadigan yuqori darajadagi tadbirda taqdim etiladigan «Inson huquqlari 75» yoshlar deklaratsiyasini ishlab chiqishda foydalaniladi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid
O‘zbekiston–Paragvay: qitʼalar va okeanlar orqali muloqot
Yangi O'zbekiston: konstitutsiyaviy islohotlardan – konstitutsiyaviy barqarorlik sari