Logo

"Expo-2025" Butunjahon ko'rgazmasida O'zbekiston pavilyoni o'z yo'nalishi bo'yicha oliy mukofotga – "Mavzuning eng yaxshi ochib berilishi" nominatsiyasida oltin medalga sazovor bo'ldi

Oktabr 13, 2025. 11:43 • 55 soniya

60
"Expo-2025" Butunjahon ko'rgazmasida O'zbekiston pavilyoni o'z yo'nalishi bo'yicha oliy mukofotga – "Mavzuning eng yaxshi ochib berilishi" nominatsiyasida oltin medalga sazovor bo'ldi

TOSHKENT, 13-oktyabr. /"Dunyo" AA/. O'zbekiston Prezidenti Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva Osakada o'tayogan "Expo-2025" butunjahon ko'rgazmasida "O'zbekiston" pavilyoni oliy mukofot bilan taqdirlangani munosabati bilan butun jamoa va xalqaro hamkorlarga minnatdorlik bildirdi, deb xabar beryapti "Dunyo" AA muxbiri.

"Quvonchli xabar bilan o'rtoqlashmoqchiman: Osaka shahrida tashkil etilgan EXPO Butunjahon ko'rgazmasida O'zbekiston pavilyoni o'z yo'nalishi bo'yicha oliy mukofotga – "Mavzuning eng yaxshi ochib berilishi" nominatsiyasida oltin medalga sazovor bo'ldi, – deb yozdi O'zbekiston Prezidenti Adminstratsiyasi rahbari o'zining telegram-kanalida. – Biz taqdim etgan "Bilimlar bog'i: kelajakdagi jamiyat uchun laboratoriya" konsepsiyasida an'analar va innovatsiyalar uyg'unligi o'z aksini topgan. G'oyamiz jahon hamjamiyatida keng ko'lamli aks-sado berdi.

Barchani ruhlantirgan professionallik va ushbu loyihaga bo'lgan ishonch uchun butun jamoaga, shuningdek, xalqaro hamkorlarimizga samimiy minnatdorlik bildiraman"

Eslatib o'tamiz, "EXPO-2025" ko'rgazmasi 2025-yil 13-apreldan buyon Osaka shahrida bo'lib o'tayapti. Yaponiya Butunjahon ko'rgazmalari assotsiatsiyasi ma'lumotiga ko'ra, unda 158 davlat ishtirok etmoqda va kuniga o'rtacha 150 000 kishi kelmoqda. Forum yakuniga qadar esa 28,2 million kishi tashrif buyurishi kutilyapti.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish