Pokistondan munosabat: O'zbekiston va Vengriya o'rtasidagi munosabatlar Yevropa va Markaziy Osiyo o'rtasida strategik ko'prik vazifasini o'tamoqda
May 25, 2025. 14:18 • 2 daq
• 56
ISLOMOBOD, 25-may. /"Dunyo" AA/. Pokistonning "Islamabad Post" gazetasi bosh muharriri, mintaqaviy munosabatlar bo'yicha ekspert Ansar Mahmud Bhatti "Dunyo" AA uchun intervyusida O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Vengriya buyurgan rasmiy tashrifi yakunlari haqidagi fikrlarini bildirdi:

– O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Budapesht shahrida Vengriya Bosh vaziri Viktor Orban bilan o'tkazgan muzokaralari ikki davlat o'rtasidagi munosabatlar tarixida muhim siyosiy va amaliy bosqichni anglatadi.
Mazkur uchrashuvda qabul qilingan qarorlar va erishilgan kelishuvlar O'zbekiston-Vengriya munosabatlarining yangi bosqichga – kengaytirilgan strategik sheriklik darajasiga ko'tardi.
Muzokaralar kun tartibi, barcha sohalardagi aniq loyihalar muhokamasi jarayoni ikki davlat rahbarlarining o'zaro sheriklikka qanchalik katta ahamiyat qaratayotganini ko'rsatadi.
Oliy darajali muhokamalarning eng asosiy yo'nalishlardan biri – iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlik bo'ldi. Hozirgida qo'shma investitsiya loyihalari portfeli 500 million dollarni tashkil etayotgani, yana 1,5 milliard yevroga teng yangi loyihalar tayyorlangani ikki tomonlama savdo-iqtisodiy hamkorlikning masshtabi va salohiyatini yaqqol namoyon etmoqda.
Ikki davlat o'rtasidagi tovar ayirboshlash hajmini 500 million yevroga yetkazishning aniq mexanizmlar belgilab olingani, laboratoriyalarni Yevroittifoq standartlariga binoan akkreditatsiya qilinishi, tovarlarni oldindan sertifikatlash tizimini joriy etilishi, eksportchi kompaniyalarga ko'maklashish uchun qo'shma platforma yaratilishi o'zbek mahsulotlarining Yevropa bozorlariga chiqishi uchun keng yo'l ochadi.
Vengriyaning yetakchi "OTP" banki O'zbekiston moliya bozoriga kirib borishi O'zbekistonning Yevropa biznesi uchun ishonchliligi darajasini ancha pog'onaga ko'taradi.
Madaniy va ta'lim sohasidagi hamkorlik ham alohida ahamiyatga ega. Budapeshtda Alisher Navoiy byusti ochilgani va o'zbek kinosi kunlarining o'tkazilgani, shuningdek, "Lazgi" baletini Vengriya opera teatri sahnasida namoyish etish va o'zbek madaniyati ko'rgazmasini tashkil etish rejalari ikki xalq o'rtasida madaniy hamkorlik izchil rivojlanib borayotganining amaliy ifodasi hisoblanadi. Kelgusi yilni "O'zbekiston va Vengriya madaniyati yili" deb e'lon qilish taklifi esa ushbu yo'nalishdagi aloqalarni institutsional darajaga ko'tarishga xizmat qiladi.
Ikki davlatning ta'lim sohasidagi o'zaro hamkorligi ham jadal rivojlanayotganini e'tirof etish kerak. Ishonchim komilki, Toshkent shahrida o'tkaziladigan rektorlar forumi ta'lim sohasidagi strategik hamkorlikning yana bir muhim platformasiga aylanadi.
Davlat rahbarlarining xavfsizlikka oid dolzarb masalalarni ham atroflicha muhokama qilishi nafaqat ikki tomonlama xavfsizlik, balki mintaqaviy barqarorlik uchun ham muhim ahamiyatga ega.
Prezident Shavkat Mirziyoyevning Bosh vazir Viktor Orbanni O'zbekistonga javob tashrifi bilan taklif etgani esa siyosiy muloqotning izchil davom etishidan dalolat beradi.
O'zbekiston va Vengriya o'rtasidagi munosabatlar global siyosiy va iqtisodiy ahamiyat kasb etmoqda hamda Yevropa va Markaziy Osiyo o'rtasida "strategik ko'prik" vazifasini o'tamoqda.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid
Kenji Hirata: Yaponiya–O‘zbekiston munosabatlari yangi bosqichga qadam qo‘ymoqda
O‘zbekiston–Yaponiya: strategik sheriklik chegaralari kengaymoqda
O‘zbekiston–Paragvay: qitʼalar va okeanlar orqali muloqot