Polshadan munosabat: Malayziyaga bo'lib o'tgan oliy darajadagi tashrif O'zbekistonning ASEANdagi mavqeini mustahkamlash yo'lidagi muhim qadam bo'ldi
Fevral 08, 2025. 13:22 • 2 daq
• 88
VARSHAVA, 8-fevral. /"Dunyo" AA/. Xalqaro munosabatlar tahliliy markazi prezidenti Malgojata Bonikovska (Polsha) "Dunyo" AA uchun intervyusida O'zbekiston Prezidentining 4-5-fevral kunlari Malayziyaga buyurgan rasmiy tashrifi haqidagi fikrlarini bildirdi:
– Prezident Shavkat Mirziyoyevning Malayziyaga tashrifini O'zbekistonning Osiyodagi rolini kuchaytirishga qaratilgan kengroq strategiya kontekstida ko'rib chiqish kerak. Chunki, Malayziya Janubi-Sharqiy Osiyodagi eng tez rivojlanayotgan iqtisodiyotlardan biri va ASEANning asosiy a'zosi sifatida savdo va sarmoyaviy sherik sifatida katta qiziqish uyg'otadi. O'z navbatida, Bosh vazir Anvar Ibrohim global iqtisodiy o'zgarishlar va mintaqaviy raqobat sharoitida mamlakat tashqi iqtisodiy aloqalarini diversifikatsiya qilishga intilmoqda.
Geosiyosiy nuqtai nazardan, har ikki davlat ham o'ziga xos xavfsizlik muammolariga duch kelmoqda, ushbu sohadagi hamkorlik ular uchun juda foydali bo'lishi mumkin. Shuningdek, ushbu tashrif O'zbekistonning ASEANdagi mavqeini mustahkamlash yo'lidagi muhim qadam bo'ldi. Janubi-Sharqiy Osiyo bilan aloqalarni chuqurlashtirish rasmiy Toshkentning iqtisodiy va diplomatik sohalarda yirik davlatlar bilan muvozanatli tashqi siyosatga intilishini tasdiqlaydi.
Bosh vazir Anvar Ibrohimning Malayziyaning xalqaro masalalarda mustaqilligini oshirish va global ta'sirini kuchaytirishga qaratilgan siyosati O'zbekistonning Osiyodagi diplomatik ishtirokini kengaytirishga intilishi bilan hamohangdir.
Umuman olganda, O'zbekiston va Malayziya o'rtasidagi o'zaro hamkorlikning kuchayishi Yevroosiyo va Janubi-Sharqiy Osiyoning geosiyosiy xaritasini jiddiy o'zgartirishga olib kelishi mumkin. Chunki, Markaziy Osiyo mamlakatlari yangi hamkorlik aloqalarini o'rnatishga intilmoqda. Shu ma'noda mazkur tashrif Markaziy va Janubi-Sharqiy Osiyoning ham iqtisodiy, ham siyosiy integratsiyalashuvining boshlanishi ramzi bo'lishi mumkin.
Bundan tashqari, O'zbekiston-Malayziya munosabatlarining mustahkamlanishi har ikki davlatga BMT, ShHT va ASEAN muloqot platformalari kabi xalqaro tashkilotlarda o'zaro manfaatlarni ilgari surish uchun qo'shimcha platforma yaratadi, deb o'ylayman.
Xulosa o'rnida ta'kidlash kerakki, tashrif yakunlari, O'zbekiston tashqi siyosatini diversifikatsiya qilish, Janubi-Sharqiy Osiyo bilan iqtisodiy, madaniy va diplomatik aloqalarni mustahkamlash borasidagi sa'y-harakatlarda muhim bosqich bo'ldi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid
Kenji Hirata: Yaponiya–O‘zbekiston munosabatlari yangi bosqichga qadam qo‘ymoqda
O‘zbekiston–Yaponiya: strategik sheriklik chegaralari kengaymoqda
O‘zbekiston–Paragvay: qitʼalar va okeanlar orqali muloqot