Logo

O'zbekiston Prezidentining Sloveniyaga bo'lib o'tgan tashrifi Italiya OAV diqqat markazida

May 24, 2025. 14:09 • 2 daq

56
O'zbekiston Prezidentining Sloveniyaga bo'lib o'tgan tashrifi Italiya OAV diqqat markazida

RIM, 24-may. /"Dunyo" AA/. Italiyaning "Giornale Diplomatico" gazetasida, "Agenzia Nova", "Italpress" va "Arena Digitale" kabi elektron nashrlarida O'zbekiston Prezidentining Sloveniyaga rasmiy tashrifiga bag'ishlangan maqolalar e'lon qilindi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

"O'zbekiston va Sloveniya o'rtasidagi iqtisodiy va diplomatik munosabatlar Markaziy Osiyo mamlakatining Yevropa Ittifoqiga integratsiyalashuv jarayoniga alohida e'tibor qaratgan holda mustahkamlash – 22-may kuni Lyublyana shahrida O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Sloveniya Bosh vaziri Robert Golob o'rtasida bo'lib o'tgan ikki tomonlama uchrashuvda muhokama qilindi, – deyilgan maqolalarda. – Keyingi yillarda O'zbekiston va Sloveniya o'rtasidagi diplomatik munosabatlar ikki davlat o'rtasidagi dinamik va strategik sheriklik tufayli sezilarli darajada mustahkamlandi".

Nashrda 2024-yilda O'zbekiston va Sloveniya o'rtasidagi tashqi savdo hajmi 173 million AQSh dollariga yetgani bu ko'rsatgich o'tgan yilga nisbatan 47 foizga ko'p ekanligi qayd etilgan. 2025-yilning yanvaridan apreligacha bo'lgan davrda bu ko'rsatkich 137 million dollarni tashkil etdi, bu o'tgan yilning shu davriga nisbatan 41 foizga ko'pdir. O'zbekistonning Sloveniyaga eksporti 9,2 million dollarni, Sloveniyadan importi esa 166 million dollardan oshdi.

"Uchrashuvning asosiy mavzusi, shuningdek, transport va logistika sohasidagi hamkorlikni kengaytirish bo'ldi. Sloveniya o'zining strategik geografik joylashuvi tufayli O'zbekistonning Yevropa bozorlariga eksportini oshirishda muhim logistika markazi sifatidagi rolini tasdiqlaydi. Shu nuqtai nazardan, 2023 yil fevral oyida imzolangan Iqtisodiyot va investitsiyalar sohasida hamkorlik to'g'risidagi bitim Sloveniya kapitali ishtirokidagi kompaniyalarning O'zbekistonda bo'lishini rag'batlantirishga qaratilgan muhim ahamiyat kasb etmoqda. Mazkur kelishuv sarmoyalarni ko'paytirishga zamin yaratib, qo'shma ishlab chiqarish va mamlakatimizda ilg'or texnologiyalarni joriy etishga alohida e'tibor qaratgan muhim qadam bo'ldi", – deb ta'kidlangan materialda.

Italiya OAV, shuningdek, mamlakatimizning Rimdagi elchisi Abat Fayzullayevning quyidagi fikrlarini iqtibos o'rnida keltirgan: "Lyublyanada bo'lib o'tgan uchrashuv mamlakatimizning Yevropa Ittifoqi bilan hamkorlikni mustahkamlash, uni muhim savdo sherigi sifatida e'tirof etish istagini namoyon etadi. O'zbekistonning Yevropa bozorlariga qiziqishi ortib borayotgani, Sloveniya esa o'z navbatida Markaziy Osiyodagi iqtisodiy va savdo ishtirokini kengaytirishga intilayotgan tarixiy bir paytda, Lyublyana va Toshkent o'rtasidagi hamkorlik o'zaro manfaat keltirishi va ikki mintaqa o'rtasidagi aloqalarni mustahkamlashi mumkin bo'lgan strategik imkoniyatdir".

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish