Parlamentlararo Ittifoqning 150-yubiley assambleyasi yakunlari bo'yicha qabul qilingan Toshkent deklaratsiyasi BMT Bosh Assambleyasi 79-sessiyasining rasmiy hujjati sifatida e'lon qilindi
May 15, 2025. 17:04 • 2 daq
• 119
NYU-YORK, 15-may. /"Dunyo" AA/. Shu yilning 5- 9-aprel kunlar poytaxtimizda bo'lib o'tgan Parlamentlararo ittifoqning 150-yubiley assambleyasi yakunlari bo'yicha qabul qilingan ijtimoiy taraqqiyot va adolat yo'lida parlament harakatlariga bag'ishlangan – Toshkent deklaratsiyasi BMT Bosh Assambleyasi 79-sessiyasining rasmiy hujjati sifatida e'lon qilindi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Hujjat Birlashgan Millatlar Tashkilotining barcha oltita rasmiy tillarida (ingliz, arab, ispan, xitoy, rus va fransuz) nashr etildi. Shuningdek, tashkilotga a'zo davlatlar, uning tarkibiy bo'linmalari o'rtasida keng tarqaldi hamda rasmiy hujjatlar tizimida e'lon qilindi.
Bosh Assambleya hujjatiga ko'ra, ijtimoiy taraqqiyot va adolat yo'lida parlament harakatlariga bag'ishlangan Toshkent deklaratsiyasida ulkan maqsad, vazifa va yo'nalishlar belgilab berilgan. Unda ijtimoiy taraqqiyot borasidagi sa'y-harakatlarni yangilashga qaratilgan ishlar, mavjud va yuzaga kelayotgan muammolar yechimini birgalikda izlash zarurligi alohida ta'kidlangan.
Deklaratsiyada hukumatlarga ijtimoiy rivojlanishga kompleks yondashish va har bir davlat tomonidan mustaqil ravishda quyidagi uchta yo'nalish bo'yicha belgilanishi kerak bo'lgan siyosiy islohotlar paketini amalga oshirish tavsiya etilganligi alohida ta'kidlanadi:
Birinchisi, odamlarga, ya'ni ularning ta'limiga, sog'lig'iga va atrof-muhitga, shuningdek, hayotning barcha bosqichlarida odamlar gullab-yashnashi va imkon qadar to'liq hayot kechirishi uchun ijtimoiy taraqqiyotning asosiy sharti bo'lgan ijtimoiy munosabatlarni o'rnatish, biznes boshlash yoki munosib ish topish imkonini beradigan ko'nikmalarga sarmoya kiritish.
Ikkinchisi, iqtisodiyotni demokratlashtirish, u barcha insonlar manfaatlariga javob berishi, ularning salohiyatini kuchaytirishi, ehtiyojlarini qondirishi uchun har bir kishi muvaffaqiyatga erishish imkoniyatiga ega bo'lishi kerak. A'zo mamlakatlarning soliq-byudjet va pul-kredit siyosati ham sifatli bandlikni ta'minlashga, jumladan, tadbirkorlikni rivojlantirishga ham, qarorlar qabul qilish jarayonida barcha odamlarni, ayniqsa, ayollar va yoshlarni jalb etish orqali ijtimoiy hamjihatlikni mustahkamlashga ko'proq yo'naltirilishi lozim.
Uchinchisi, nafaqat davlat organlari, jumladan, parlamentlar hamda milliy va munitsipal miqyosda faoliyat yurituvchi, balki aholining ijtimoiy rivojlanish sohasidagi ehtiyojlarini turli yo'llar bilan qondiradigan davlat boshqaruvi organlari va ommaviy axborot vositalarini ham o'z ichiga olgan institutlar mavqeini mustahkamlash. Shu munosabat bilan jahon miqyosida xalqaro moliya institutlari, Xalqaro mehnat tashkiloti va umuman BMT tizimi kabi ko'p tomonlama tashkilotlarga ehtiyoj borligi ta'kidlangan.
Bundan tashqari, hujjat barcha parlamentlar va barcha parlament a'zolarini Toshkent deklaratsiyasini amalga oshirish uchun mas'uliyatni o'z zimmasiga olishga va o'zgarishlar jarayonini umumjahon ishtiroki uchun ochiq bo'lgan milliy rejalarni ishlab chiqishdan boshlashga chaqiradi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid
Kenji Hirata: Yaponiya–O‘zbekiston munosabatlari yangi bosqichga qadam qo‘ymoqda
O‘zbekiston–Yaponiya: strategik sheriklik chegaralari kengaymoqda
O‘zbekiston–Paragvay: qitʼalar va okeanlar orqali muloqot