Logo

O'zbekiston va Vengriya: strategik sheriklikning yangi davri

May 17, 2025. 07:45 • 7 daq

827
O'zbekiston va Vengriya: strategik sheriklikning yangi davri

TOSHKЕNT, 17-may. /"Dunyo" AA/. O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 19-21-may kunlari rasmiy tashrif bilan Vengriyada bo'ladi, deb xabar qilmoqda Dunyo AA muxbiri. 

Davlatimiz rahbari tashrif davomida Turkiy davlatlar tashkilotining Budapesht shahrida bo'lib o'tadigan norasmiy sammitida ishtirok etadi.

O'zbekiston va Vengriya o'rtasida diplomatik munosabatlar mamlakatimiz istiqlolga erishganidan ko'p o'tmay, ya’ni 1992-yil 14-martda o'rnatilgan. O'shandan beri ikki tomonlama munosabatlar rasmiy o'zaro hamkorlikdan konstruktiv va o'zaro hurmatga asoslangan muloqotni yo'lga qo'yishgacha bo'lgan muhim evolyutsiyani boshidan kechirdi.

2021-yil mart oyida Vengriya Bosh vaziri Viktor Orbanning Toshkentga buyurgan tashrifi yakunlari bo'yicha Strategik sheriklik to'g'risidagi qo'shma deklaratsiya imzolandi va u zamonaviy jadal hamkorlik uchun mustahkam poydevor yaratdi. Ushbu hujjatda tomonlarning munosabatlarni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish niyatlari qayd etilgan.

Bugungi kunda ikki davlat o'rtasidagi siyosiy muloqot yuqori sur’atda davom etmoqda. Bosh vazir Viktor Orbanning O'zbekistonga tashrifidan tashqari, O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2022-yil oktabr oyida Vengriyaga rasmiy tashrifi ham alohida e’tiborga loyiqdir. Oliy darajadagi muzokaralar yakunida sanoat kooperatsiyasi va ilmiy-texnikaviy hamkorlikdan tortib, akademik almashinuvlargacha bo'lgan turli yo'nalishlarni qamrab olgan 16 ta ikki tomonlama hujjat imzolandi. Tashrif doirasida ikki mamlakat ishbilarmon doiralarining yetakchi vakillari ishtirok etgan O'zbekiston-Vengriya biznes-forumi ham bo'lib o'tdi.

Hozirda ikki tomonlama darajada ham, ko'p tomonlama formatlarda ham faol hamkorlik olib borilmoqda. Davlatlararo hamkorlik keng qamrovli huquqiy bazaga, jumladan, 50 dan ortiq ikki tomonlama hujjatlarga asoslanadi. Ulardan eng muhimi investitsiyalarni o'zaro himoya qilish, ilm-fan, innovatsiyalar, qishloq, suv xo'jaligi sohasida hamkorlik to'g'risidagi bitimlar, shuningdek, ta’lim, sog'liqni saqlash va yuqori texnologiyalar sohalarida idoralararo memorandumlar bo'ldi. Huquqiy ro'yxatga olishning bunday ko'lami munosabatlarning institutsional asoslarini maqsadli mustahkamlashdan dalolat beradi. 

O'zbekiston va Vengriya o'rtasidagi parlamentlararo hamkorlik ikki davlatning strategik sherikligini mustahkamlash, siyosiy muloqot, iqtisodiy hamkorlik va gumanitar almashinuvlarning institutsional asoslarini qo'llab-quvvatlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Bu mexanizm nafaqat strategik sheriklik asoslarini mustahkamlaydi, balki tajriba almashish, qonunchilik tashabbuslarini muvofiqlashtirish va xalqaro muammolarga umumiy yondashuvlarni ishlab chiqishda muhim ko'prik bo'lib xizmat qiladi.

2020-yilda O'zbekiston Oliy Majlisi va Vengriya Milliy Assambleyasida parlamentlararo hamkorlik guruhlari tashkil etildi. O'zaro hamkorlikning bunday formati siyosiy ishonch va sheriklik barqarorligini oshirishga yordam beradi. Bundan tashqari, parlament diplomatiyasidan insonparvarlik tashabbuslarini ilgari surish, akademik va yoshlar almashinuvini qo'llab-quvvatlash, iqtisodiy aloqalarni kengaytirish vositasi sifatida tobora ko'proq foydalanilmoqda.

Ikki davlat tashqi siyosat idoralari o'rtasida ham samarali hamkorlik yo'lga qo'yilgan. Vengriya tashqi ishlar va savdo vaziri Peter Siyyartoning O'zbekistonga tashrifi chog'ida 2024-2026-yillarga mo'ljallangan vazirliklararo hamkorlik dasturi imzolangani buning yorqin ifodasi bo'ldi.

Savdo-iqtisodiy hamkorlik O'zbekiston-Vengriya munosabatlarini rivojlantirishning asosiy omili bo'lib qolayotir. O'zaro tovar ayirboshlash hajmi o'sish uchun salmoqli salohiyatga ega va tomonlar o'zaro savdo aloqalarini ishonch bilan oshiryapti. 2024-yilgi ma’lumotlarga ko'ra, mamlakatlar o'rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 78 million AQSh dollaridan oshgan bo'lsa, joriy yilning yanvar-mart oylarida bu ko'rsatkich 25,1 million dollarni tashkil etib, barqaror o'sishni ko'rsatdi.

Savdo-iqtisodiy aloqalarni yo'lga qo'yish jarayonida Iqtisodiy hamkorlik bo'yicha O'zbekiston-Vengriya hukumatlararo komissiya faoliyati alohida ta’kidlash joiz. Komissiyaning to'qqizinchi yig'ilishi 2024-yilning may oyida Toshkent shahrida bo'lib o'tgan edi. Yig'ilish yakunlari bo'yicha qator ikki tomonlama hujjatlar, jumladan, ikki mamlakat Savdo-sanoat palatalari o'rtasida hamkorlik to'g'risidagi memorandum imzolandi. Ikki tomonlama kelishuvlarni amalga oshirish, jumladan, "Angren" EIZda Vengriya kompaniyalari uchun Maxsus sanoat zonasini tashkil etish masalalari muhokama qilindi. 2024-yil oktabr oyida mazkur loyihani amalga oshirish bo'yicha investitsiya shartnomasi imzolandi.

Iqtisodiy muloqotda 2021-yilda tuzilgan O'zbekiston-Vengriya ishbilarmonlar kengashi va 2022-yilda tashkil etilgan O'zbekiston-Vengriya taraqqiyot jamg'armasi faoliyati alohida o'rin tutadi. Uning asosiy maqsadi qo'shma investitsiyaviy loyihalarni moliyalashtirishdan iborat. 2023-2024-yillar oxiriga qadar jamg'arma 100 million yevrodan ortiq tashabbuslarni qo'llab-quvvatladi. Jumladan, ishlab chiqarish quvvatlarini tashkil etish, qishloq xo'jaligi infratuzilmasini modernizatsiya qilish va resurslarni boshqarishda raqamli texnologiyalarni joriy etishga mablag' kiritdi. Bugungi kunda Vengriya O'zbekistondagi eng faol yevropalik investorlar qatoridan joy olgan. Iqtisodiy hamkorlikning asosiy yo'nalishlari farmatsevtika, agrosanoat kompleksi, oziq-ovqat sanoati, mashinasozlik, suv texnologiyalari bo'lib qolmoqda. Ayni paytda O'zbekistonda Vengriya sarmoyasi ishtirokida tashkil etilgan 17 ta korxona faoliyat ko'rsatmoqda. Ularning 10 tasi qo'shma va 4 tasi 100 foiz Vengriya kapitali ishtirokidagi korxonalardir.

O'zbekistonda davlat banklarini isloh qilish va xususiylashtirish sharoitida bank sektoridagi o'zaro hamkorlik muhim yo'nalishga aylanib bormoqda. 2022-yil dekabr oyida "OTR Bank" va O'zbekiston Moliya vazirligi o'rtasida "Ipotekabank"ning 100 foiz aksiyalarini Vengriya banki tomonidan bosqichma-bosqich sotib olish to'g'risida bitim imzolangan edi.

So'nggi yillarda biznes-forumlar, biznes-missiyalar va B2B uchrashuvlarini tashkil etish muntazamlik kasb etmoqda. Jumladan, Vengriyaning iqtisodiy soha vazirliklari rahbarlari boshchiligidagi delegatsiyalar har yili o'tkaziladigan Toshkent xalqaro investitsiya forumining doimiy ishtirokchisi hisoblanadi. Shuningdek, so'nggi ikki yil ichida bir qancha yirik biznes tadbirlari, jumladan, Toshkentda biznes-forum va Budapeshtda O'zbekiston kompaniyalarining rod-shousi o'tkazildi. Ushbu platformalar ishbilarmon doiralar vakillari o'rtasida barqaror aloqalarni shakllantirish, ta’minot zanjiri va iqtisodiyotning real sektorida hamkorlikni yo'lga qo'yishga xizmat qilyapti.

Madaniy-gumanitar hamkorlik ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantirishda muhim yo'nalish sanaladi. O'zbekiston va Vengriya o'rtasidagi tarixiy-madaniy aloqalarning yorqin timsollaridan biri – bu venger sharqshunosi, turkologi va sayyohi Arminiy Vamberi (1832-1913) hisoblanadi. Uning zamonaviy Markaziy Osiyo, xususan, O'zbekiston hududi bilan bog'liq ilmiy-tadqiqot ishlari bugungi kunda ham davom etayotgan madaniyatlararo muloqotga mustahkam zamin yaratdi.

Hozirgi kunda O'zbekistonda Debretsen universitetining ta’lim dasturlari, shuningdek, akademik almashinuv, stajirovka va ilmiy tadqiqotlar bo'yicha loyihalar amalga oshirilyapti. O'zbekistonlik talabalar Vengriya universitetlari, jumladan, Semmelveys universitetida tibbiyot, muhandislik va qishloq xo'jaligi yo'nalishlarida tahsil olmoqda. Har yili Vengriya hukumati "Stipendium Xungarikum" dasturi orqali ushbu mamlakat universitetlarida o'qishni davom ettirish istagida bo'lgan o'zbekistonlik talabalar uchun 170 ta stipendiya ajratadi.

Madaniy tashabbuslar doirasida madaniyat kunlari, konsertlar, fotoko'rgazmalar va milliy an’analar taqdimotlari tashkil etilmoqda. Vengriya poytaxtida faoliyat yuritayotgan O'zbek tili va madaniyati markazi ikki xalq o'rtasidagi muloqot maydoniga aylangan.

2020 yilda Budapeshtda Arminiy Vamberining hayoti va sayohatlariga bag'ishlangan "Markaziy Osiyoda venger darveshi" ko'rgazmasi tashkil etildi. Unda olimning O'zbekiston bo'ylab sayohatlari chog'ida to'plangan qo'lyozmalar, tarixiy eksponatlar, shaxsiy muzeyidan olingan buyumlar namoyish etildi. Ko'rgazmani 5 mingdan ortiq kishi tomosha qildi va bu Vengriyada mamlakatimiz tarixi va madaniyatiga bo'lgan qiziqish yuqori ekani tasdiqladi.

2024-yil oktabr oyida Vengriyaning Lakitelek shahrida buyuk o'zbek shoir va mutafakkir, atoqli davlat va jamoat arbobi Alisher Navoiy byusti o'rnatildi. Vengriyada Navoiyga o'rnatilgan yodgorlik taniqli venger haykaltaroshi Georgi Lantos tomonidan yaratilgan.

2025-yil yanvar oyida Budapeshtda birinchi O'zbek kinosi kunlari muvaffaqiyatli o'tkazildi. Qayd etish joizki, mazkur madaniy anjuman O'zbekiston va Vengriya o'rtasidagi madaniy aloqalarni mustahkamlashda muhim voqeaga aylandi. Xususan, Vengriya jamoatchiligi zamonaviy o'zbek filmlarini katta qiziqish bilan kutib oldi.

Bundan tashqari, kutubxonalar, muzeylar, ijodiy uyushmalar o'rtasidagi aloqalar faol ham rivojlanmoqda. Vengriya ham turkiy xalqlarning madaniy merosini o'rganish va ommalashtirishdan manfaatdor, bu qo'shma ilmiy va arxeologik ekspeditsiyalarni rivojlantirishga xizmat qiladi.

Ta’kidlash joizki, O'zbekiston-Vengriya munosabatlari muvozanatli va ko'p qirrali hamkorlik namunalarini ko'rsatib, yuksalishda davom etmoqda. Ushbu jihatlar jug'rofiy va tarixiy tafovutlar strategik fikrlash, o'zaro tushunish va kelajakka e’tiborga asoslangan mustahkam hamkorlikni yo'lga qo'yishga to'sqinlik qilmasligini tasdiqlaydi. Hozirgi dinamikani inobatga olgan holda, ishonch bilan aytish mumkinki, O'zbekiston va Vengriya hamkorlikning yangi bosqichiga qadam qo'ymoqda.

Vengriya 2018-yildan buyon kuzatuvchi maqomida bo'lgan Turkiy davlatlar tashkiloti doirasidagi o'zaro hamkorlik alohida ahamiyatga ega. Bu ishtirok Budapeshtga turkiy davlatlar bilan yaqin aloqalar o'rnatish va mintaqalararo integratsiyaga hissa qo'shish imkonini beryapti. Shuningdek, Turkiy davlatlar tashkiloti doirasidagi sheriklik O'zbekiston va Vengriyaga transport, energetika, raqamlashtirish, ta’lim va ekologiya sohalarida qo'shma loyihalarni amalga oshirish uchun noyob imkoniyatlarni taqdim etmoqda.

Global o'zgarishlar va mintaqaviy tuzilmalarning roli ortib borayotgan bugungi sharoitda O'zbekiston Vengriyaga Yevropa Ittifoqi bilan aloqalarni chuqurlashtirishga ko'maklashish va ayni paytda turkiy dunyo tashabbuslarini qo'llab-quvvatlashga qodir sherik sifatida qaraydi. 

Shu munosabat bilan O'zbekiston Prezidentining Vengriyaga bo'lajak rasmiy tashrifi erishilgan kelishuvlarni yanada mustahkamlash va hamkorlikning yangi ufqlarini ochishga xizmat qiladi. Tashrifning Turkiy davlatlar tashkiloti norasmiy sammiti doirasida o'tishi ham muloqotning ishonchli xususiyati va mamlakatlarimiz o'rtasidagi siyosiy hamohanglik darajasi yuqori ekanligini tasdiqlaydi.

O'zbekiston Prezidenti matbuot xizmati arxividan olingan surat

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish