Logo

O'zbekiston-MDH: umumiy taraqqiyot va xavfsizlik makoni

Oktabr 07, 2024. 21:24 • 4 daq

1069
O'zbekiston-MDH: umumiy taraqqiyot va xavfsizlik makoni

TOSHKENT, 8-oktabr. /"Dunyo" AA/. O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 7 oktyabr kuni amaliy tashrif bilan Moskva shahriga bordi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Mamlakatimiz yetakchisi bugun, 8 oktyabr kuni bo'lib o'tadigan MDH Davlat rahbarlari kengashining navbatdagi majlisida ishtirok etadi.

MDH davlatlari va institutlari bilan aloqalarni rivojlantirish O'zbekiston tashqi siyosatining muhim ustuvor yo'nalishlaridan biridir.

O'zbekiston MDH tashkil topganidan buyon a'zo davlatlar bilan barcha yo'nalishlarda samarali hamkorlikni mustahkamlab, transport-kommunikatsiya tarmoqlarini, iqtisodiy aloqalarni ham ko'p tomonlama, ham ikki tomonlama shakllarda rivojlantirishda faol ishtirok etmoqda.

Hamdo'stlik doirasida O'zbekiston uning 65 ta tarmoq tuzilmalari faoliyatida faol qatnashmoqda. Ularning maqsadlari milliy manfaatlarga to'liq javob beradi. O'zbekistonning MDH huzuridagi Doimiy vakolatxonasi instituti faoliyat ko'rsatmoqda.

2017-yildan boshlab O'zbekiston Hamdo'stlik doirasidagi faoliyatini sezilarli darajada faollashtirdi.

Xususan, O'zbekiston so'nggi yetti yilda avval imzolangan 24 ta ko'p tomonlama hujjat, MDH oliy organlarining 22 ta qarori va 20 dan ortiq sohaviy hamkorlik organlariga qo'shildi.

O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2017-2023 yillarda Davlat rahbarlari kengashi majlislarida ishtirok etishi natijasida MDH doirasidagi hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan 90 ta turli takliflar ilgari surildi hamda ularni o'z vaqtida va to'liq miqyosda amalga oshirilishini ta'minlash maqsadida "Yo'l xaritalari" qabul qilindi.

E'tiborlisi, Hamdo'stlikka a'zo davlatlarning ko'magi bilan bugungi kunga qadar 80 dan ortiq tashabbuslar amalga oshirildi.

MDH davlatlari bilan oliy va yuqori darajadagi tashriflar almashinuvi faollashdi, bu mamlakatlar Hamdo'stlikning ulkan salohiyatini ochish, ko'p tomonlama muloqot va hamkorlikni, Yevrosiyo makonida tinchlik va barqarorlikni ta'minlashga intilishidan dalolat beradi.

Global qiyinchiliklarga qaramay, O'zbekiston MDH doirasida barcha sohalarda hamkorlikning ijobiy dinamikasini ta'minlab kelmoqda. Iqtisodiyotlarning tarkibiy muvofiqligi ishlab chiqarish kooperativi va savdo-iqtisodiy aloqalarni, mashinasozlik, energetika, kimyo, farmatsevtika, to'qimachilik va boshqa sohalardagi hamkorlikni muvaffaqiyatli rivojlantirishga xizmat qilayotir. Birgina so'nggi oylarda MDH mamlakatlaridan bo'lgan sheriklar bilan 800 dan ortiq yangi korxona ishga tushirildi.

O'zbekistonning MDH davlatlari bilan tashqi savdo aylanmasi 2023-yilda 20,6 milliard dollarga yetdi, shundan eksport 8,1 milliard AQSh dollarini, import esa 12,4 milliard dollarni tashkil etdi. Joriy yilning yetti oyida Hamdo'stlikka a'zo mamlakatlar bilan o'zaro tovar ayirboshlash hajmi o'tgan yilning shu davriga nisbatan 15 foizdan ortiq o'sib, 15 milliard dollardan oshdi.

MDH davlatlari va xalqlarini umumiy madaniy-tarixiy meros va ko'plab gumanitar rishtalar bog'lab turgani muhim qimmatli manbadir. Bu omillar bugungi kunda Hamdo'stlikning mustahkam va ishonchli tayanchlari bo'lib qolmoqda. Madaniy aloqalar jadal rivojlanyapti. Festivallar, konsertlar, turli yarmarkalar, sport va boshqa tadbirlar muntazam o'tkazib kelinyapti.

O'zbekistonning mazkur birlashma a'zosi sifatidagi faol pozitsiyasi har tomonlama hamkorlikni sifat jihatidan boyitish va mustahkamlashga xizmat qilmoqda, davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan tashabbuslar esa format doirasida keng qo'llab-quvvatlanmoqda va amalga oshirilmoqda.

Xususan, O'zbekistonda amalga oshirilayotgan yoshlarga oid davlat siyosati samaradorligi va bu boradagi xalqaro tashabbuslar natijalari e'tirof etilib, 2024-yilda Toshkent shahri Hamdo'stlikning Yoshlar poytaxti, deb e'lon qilindi.

2023-yil-13-oktabr kuni Bishkek shahrida bo'lib o'tgan MDH Davlatlari rahbarlarining yig'ilishida O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashkilotning oliy mukofoti – MDH Faxriy nishoni bilan taqdirlangani Hamdo'stlik doirasida ko'p tomonlama aloqalarni yana-da rivojlantirishga qo'shilayotgan hissaning yana bir yuksak bahosi bo'ldi.

Joriy yilda O'zbekistonning asosiy tashabbuslarini amalga oshirish doirasida MDH Iqtisodiy kengashining 101-yig'ilishida 2011-yildagi Erkin savdo bitimiga a'zo davlatlar o'rtasida Erkin savdo to'g'risidagi bitimga kirish bo'yicha muzokaralarni boshlash imkoniyati to'g'risida Bayonnoma qarori, Davlat xaridlari bozori hamda MDHga a'zo davlatlar hududidan o'tuvchi xalqaro transport yo'laklarini rivojlantirish va infratuzilmani optimallashtirish bo'yicha 2030-yilgacha bo'lgan davrga mo'ljallangan Harakatlar rejasi qabul qilindi.

26 sentyabr kuni Toshkentda MDHga a'zo davlatlar tahlil markazlarining "Uzoq muddatli hamkorlikning yangi kun tartibi" mavzusidagi xalqaro konferensiyasi bo'lib o'tdi. Anjumanda ta'kidlanganidek, MDH O'zbekiston uchun muhim hamkorlar, qo'shnilar va do'stlardir, ular bilan mamlakatni taraqqiyot va xavfsizlikning umumiy makoni birlashtiradi. O'zbekistonda esa Hamdo'stlikning samarali rivojlanishi uchun bizning umumiy mas'uliyatimizni to'liq anglaydilar, bu esa butun Yevrosiyoning kelajagiga taalluqlidir.

Shubhasiz, MDHning Moskvada o'tayotgan navbatdagi sammiti va uning yakunlari mamlakatlarimiz hamda xalqlarimiz farovonligi yo'lida Mustaqil Davlatlar Hamdo'stligi makonida ko'p tomonlama munosabatlar samaradorligini yana-da oshirishga xizmat qiladi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish