Logo

Yekaterinburgdan munosabat: O'zbekiston va Rossiya o'rtasidagi hamkorlik tom ma'noda xalqchil bo'lib bormoqda

May 27, 2024. 08:58 • 2 daq

151
Yekaterinburgdan munosabat: O'zbekiston va Rossiya o'rtasidagi hamkorlik tom ma'noda xalqchil bo'lib bormoqda

YEKATERINBURG, 27-may. /"Dunyo" AA/. Rossiyalik siyosatshunos, Yevropa-Osiyo tadqiqotlari markazi direktori Andrey Rusakov "Dunyo" AA uchun intervyusida Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning 26-may kuni O'zbekistonga boshlangan davlat tashrifi haqidagi fikrlarini bildirdi:

– Vladimir Putin Rossiya Prezidenti lavozimiga kirishganidan so'ng uchinchi davlat tashrifini Prezident Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan O'zbekistonga amalga oshirmoqda.


O'zbekiston – Rossiya munosabatlari serqirra bo'lib, energetika sohasida o'zaro hamkorlik, transport infratuzilmasini rivojlantirish, turizm, sanoat ishlab chiqarishi, qishloq xo'jaligi va boshqa ko'plab sohalarni o'z ichiga oladi. Vladimir Putin va Shavkat Mirziyoyev o'rtasidagi doimiy aloqalar an'anaga aylanib ulgurgan, biroq bu tashrif munosabatlar rivojida yangi davrni ochib beradi — ikki davlat yetakchilari Hududlar kengashining birinchi yig'ilishida ishtirok etadilar. Shu tariqa, O'zbekiston va Rossiya o'rtasidagi hamkorlik hududlararo tus olmoqda. Demak, turli qo'shma loyihalar soni ko'payadi, chunki Rossiya va O'zbekistonning har bir hududi o'ziga xos ixtisoslashuv va raqobatbardoshlikka ega.


Vladimir Putin va Shavkat Mirziyoyev o'rtasidagi doimiy maslahatlashuvlar ikki davlat rahbarlari muloqot uslubi bo'lib kelgan. Vladimir Putinning Rossiya Prezidenti lavozimiga kirishganidan so'ng uchinchi xorijiy tashrifi, bu safar O'zbekistonga bo'lishi ham ramziy ma'noga, ham ittifoqchilik munosabatlariga to'liq mos keladi.


O'zaro hamkorlikning yangi hududiy darajasi turizm, fan, madaniyat va ta'lim sohalarida gumanitar hamkorlikning yangi formatlarini shakllantiradi.


Shu tariqa, O'zbekiston va Rossiya o'rtasidagi hamkorlik ko'plab byurokratik vertikallarni chetlab o'tib, tom ma'noda xalqchil bo'lib bormoqda. Vladimir Putinning ushbu tashrifi uning Xitoy va Belarusga tashrifidan so'ng amalga oshirilayotganini hisobga olsak, Belarus yaqin kelajakda a'zo bo'lishni rejalashtirayotgan Shanxay hamkorlik tashkiloti doirasidagi o'zaro hamkorlikni yana-da kuchaytirish to'g'risida ham gap ketishi, shubhasiz.


Yevroosiyo qit'asidagi xavfsizlik masalalari global isish va suv resurslaridan foydalanishdagi qarama-qarshiliklarni hisobga olgan holda, qit'aning barcha mamlakatlari uchun dolzarb bo'lib, uni ikki Prezident e'tiborsiz qoldirmaydi. Natijada Rossiya ham, O'zbekiston ham strategik sheriklik munosabatlarini yangi bosqichga ko'tarishga harakat qiladi. Bu uchun esa barcha imkoniyatlar mavjud.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish