Logo

Berlindan munosabat: O'zbekiston Prezidentining Vengriyaga tashrifi ikki tomonlama iqtisodiy munosabatlarda muhim bosqich bo'ldi

May 24, 2025. 14:56 • 2 daq

123
Berlindan munosabat: O'zbekiston Prezidentining Vengriyaga tashrifi ikki tomonlama iqtisodiy munosabatlarda muhim bosqich bo'ldi

BERLIN, 24-may. /"Dunyo" AA/. Germaniya Iqtisodiy rivojlanish va tashqi savdo federal assotsiatsiyasi boshqaruvchi direktori Urs Unkauf "Dunyo" AA uchun intervyusida O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 19-21-may kunlari Vengriyaga buyurgan rasmiy tashrifi yakunlari haqidagi fikrlari bilan o'rtoqlashdi:

– Tashrif ikki davlat o'rtasidagi ikki tomonlama iqtisodiy munosabatlarda muhim bosqich bo'ldi, deb hisoblayman.

So'nggi yillarda O'zbekiston va Vengriya o'rtasidagi iqtisodiy aloqalar faollashdi. Xususan, Vengriya tomonidan O'zbekistonga kiritilgan to'g'ridan-to'g'ri sarmoyalar bunga yorqin misoldir. Qolaversa, ikki tomonlama munosabatlar Turkiy davlatlar tashkiloti (TDT) kabi ko'p tomonlama formatdagi hamkorlik doirasida ham yanada mustahkamlanib borayotganini kuzatib bormoqdamiz.

Vengriyaning "OTP Bank Group" banki tomonidan O'zbekistonning yirik banklaridan biri sotib olindi va bank o'tgan davrda mamlakatingiz moliya bozorida barqaror o'rin egallagani muvaffaqiyatli iqtisodiy hamkorlikdan darak beradi.

Yana bir muhim qadam – Toshkent viloyatida ushbu mamlakatning "Inpark" operatori tomonidan boshqariladigan maxsus sanoat zonasining tashkil etilishidir. Ushbu zona Yevropa kompaniyalari, xususan, venger kompaniyalari uchun jozibador sarmoyaviy shart-sharoitlarni taklif qilish va O'zbekistonga texnologiyalar transferini rag'batlantirishga qaratilgani bilan muhim.

Prezident Shavkat Mirziyoyevning Vengriyaga tashrifi iqtisodiy hamkorlikni yanada faollashtirishga qaratilgani bilan ham ahamiyatli. Qo'shma loyihalarni birgalikda moliyalashtirish, tayyor mahsulotlarni uchinchi davlatlarga eksport qilishni qo'llab-quvvatlash, transport aloqalari, jumladan, O'zbekiston va Vengriya o'rtasida to'g'ridan-to'g'ri aviaqatnovlarni kengaytirish kabi rejalashtirilgan chora-tadbirlar ikki mamlakat o'rtasidagi iqtisodiy hamkorlikni yanada kengaytirish va mustahkamlashga xizmat qiladi.

Xulosa qilib aytganda, O'zbekiston rahbarining Vengriyaga tashrifi mavjud iqtisodiy munosabatlarni chuqurlashtirib, turli sohalardagi hamkorlikka yangi turtki bo'ldi. Erishilgan kelishuvlar va rejalashtirilgan loyihalar har ikki davlat uchun ham ijobiy samaralar keltiradi va ularning mintaqaviy va xalqaro iqtisodiy tuzilmadagi o'rnini yanada mustahkamlaydi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish