Logo

Germaniyadan munosabat: O'zbekiston va Xitoy iqtisodiy o'sish, mintaqaviy barqarorlik va adolatli dunyo tartibi uchun ishonchli sheriklar sifatida olg'a intilmoqda

Iyun 23, 2025. 16:24 • 2 daq

169
Germaniyadan munosabat: O'zbekiston va Xitoy iqtisodiy o'sish, mintaqaviy barqarorlik va adolatli dunyo tartibi uchun ishonchli sheriklar sifatida olg'a intilmoqda

FRANKFURT-MAYN, 23-iyun. /"Dunyo" AA/. Merzeburg amaliy fanlar universiteti huzuridagi davlat kolleji direktori, professor Ming Cheng "Dunyo" AA uchun intervyusida O'zbekistonning JSTga a'zo bo'lishi bo'yicha ikki tomonlama muzokaralar yakunlangani to'g'risida bayonnoma imzolangani haqidagi fikr-mulohazalarini bildirdi:

– O'zbekiston va Xitoy strategik hamkorlikni davomli chuqurlashtirib, navbatdagi muhim bosqichga erishgani tahsinga loyiq. 2025-yil 17-iyun kuni Ostonada bo'lib o'tgan "Markaziy Osiyo – Xitoy" sammiti doirasida Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Rais Si Szinpin O'zbekistonning Jahon savdo tashkiloti (JST)ga a'zo bo'lishi bo'yicha ikki tomonlama muzokaralar yakunlanganligi to'g'risidagi bayonnomaning imzolanish jarayonida ishtirok etishdi. Bu O'zbekistonning global savdo tizimiga to'liq integratsiyalashuvi yo'lidagi muhim qadamdir.

Shuningdek, ushbu qadam mamlakat savdo siyosatining tarixiy yutug'i hisoblanadi. Shu o'rinda, ikki tomonlama hamkorlikning keng qamrovliligi ham muhim ahamiyatga ega. Jumladan, "yashil" energetika, neft va gaz, kimyo va farmatsevtika sanoati, metallurgiya, logistika, intellektual qishloq xo'jaligi, eng yangi texnologiyalar va BYD elektromobillarini ishlab chiqarish shular jumlasidandir. Shuningdek, hududiy o'zaro bog'liqlik uchun strategik ahamiyatga ega bo'lgan Xitoy–Qirg'iziston–O'zbekiston temir yo'lining qurilishiga ham alohida e'tibor qaratilmoqda.

2024-yilda o'zaro tovar ayirboshlash hajmi 14 milliard AQSh dollariga yetdi, qo'shma investitsiya loyihalari portfeli esa 60 milliard dollardan oshdi, bu esa ikki davlat o'rtasidagi yuqori darajadagi ishonchni ko'rsatadi. Qo'shma texnoparklar, maxsus sanoat zonalari va Xitoyning yetakchi moliya institutlari bilan faol hamkorlik, xususan, Xitoy Eksport-import bankining Toshkentda mintaqaviy filiali ochilishi sheriklikning uzoq muddatli va barqaror xususiyatini tasdiqlaydi.

Ijtimoiy va madaniy sohalarda ham sezilarli yutuqlarga erishilmoqda. Xususan, Xitoy Shimoli-g'arbiy qishloq va o'rmon xo'jaligi universiteti filiali, Pekin universiteti bilan hamkorlikda tashkil etilgan Xalqaro matematika markazi, Xitoyning "Lu Ban Vorkshop" kasbiy ta'lim modelining joriy etilishi, Konfutsiy institutining 20 yilligi nishonlanishi – bularning barchasi ta'lim va fan sohasidagi chuqurlashib borayotgan hamkorlikni aks ettiradi.

Har ikki mamlakatda rejalashtirilgan madaniyat va san'at haftaliklari hamda tashqi siyosat idoralari o'rtasidagi strategik muloqotning boshlanishi esa o'zaro sheriklikni mustahkamlashga qo'shimcha turtki bermoqda. BMT, SHHT va "Xitoy – Markaziy Osiyo" formatlari doirasidagi kelishilgan harakatlar tomonlarning umumiy geosiyosiy qarashlarini ta'kidlaydi.

 Muxtasar aytganda, Ostonada bo'lib o'tgan oliy darajadagi uchrashuv O'zbekiston-Xitoy iqtisodiy o'sish, mintaqaviy barqarorlik va adolatli jahon tartiboti yo'lida ishonchli sheriklar sifatida oldinga intilayotganini aniq namoyish etdi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish