Logo

Ispaniyadan munosabat: Samarqanddagi Kongress markazida bo'lib o'tgan muzokaralar O'zbekiston-Italiya strategik sheriklik munosabatlari yuksak darajada ekanini tasdiqladi

May 30, 2025. 10:27 • 2 daq

93
Ispaniyadan munosabat: Samarqanddagi Kongress markazida bo'lib o'tgan muzokaralar O'zbekiston-Italiya strategik sheriklik munosabatlari yuksak darajada ekanini tasdiqladi

MADRID, 30-may. /"Dunyo" AA/. San-Pablo universiteti Ijtimoiy tadqiqotlar instituti professori, Markaziy Osiyo mintaqasi bo'yicha ekspert Antonio Alonso (Ispaniya) "Dunyo" AA uchun intervyusida Italiya Bosh vaziri Jorja Melonining 28-29-may kunlari O'zbekistonga buyurgan tashrifi haqidagi fikrlarini bayon qildi.

– Ushbu tashrif murakkab dunyoda tinch o'zaro hamkorlik va farovonlikka umid uyg'otadi. Uning asosiy maqsadi nafaqat Toshkent va Rim o'rtasidagi hamkorlikni chuqurlashtirish va kengaytirish, balki Italiya tomonidan Prezident Shavkat Mirziyoyevning muhim islohotlarini qo'llab-quvvatlashining tasdig'idir.

Shu bilan birga, Jorja Meloni nafaqat Italiyani, balki Yevropa Ittifoqining ham muhim ovozi ekanligini unutmasligimiz kerak.

Italiya o'z iqtisodiyoti va Jorja Meloni Bosh vazir sifatida o'ynagan roli tufayli Yevropa Ittifoqining yetakchi davlatlaridan biridir.

Samarqand Kongress markazida bo'lib o'tgan muzokaralar O'zbekiston-Italiya strategik sheriklik munosabatlari yuksak darajada ekanini tasdiqladi.

Samarali muloqot davom etmoqda. Tomonlar Yevropa Ittifoqi institutlari bilan hamkorlikni kuchaytirish va "Markaziy Osiyo – Italiya" sammitiga faol tayyorgarlik ko'rishga kelishib oldilar.

Mehnat migratsiyasi to'g'risidagi bitim va keng qamrovli "yo'l xaritasi"ni tayyorlash to'g'risidagi bitim imzolangani ikki davlatning niyati va munosabati qanchalik jiddiyligini tasdiqlaydi.

Shu nuqtai nazardan, Yevropa Ittifoqida Italiya Vengriya, Fransiya va Germaniya qatorida Markaziy Osiyo, jumladan, O'zbekiston bilan aloqalarni mustahkamlash jarayoni faol davom etayotganini alohida ta'kidlash lozim.

Muntazam siyosiy muloqotlar, o'zaro tovar ayirboshlash hajmining o'sishi – bularning barchasi yaqinlashuv uchun siyosiy iroda mavjud bo'lsa, madaniy-geografik masofalar muhim rol o'ynashdan to'xtashining yaqqol dalilidir.

 Xulosa o'rnida aytish kerakki, Italiya Bosh vaziri Jorja Melonining O'zbekistonga tashrifi va Samarqandda o'tkazilgan muzokaralar ikki davlat munosabatlarida yangi sahifa ochmoqda. Bu har qanday qiyinchiliklarga qaramay, siyosiy iroda va konstruktiv muloqot orqali xalqlar o'rtasidagi do'stlik va o'zaro hamjihatlikni mustahkamlashga xizmat qiluvchi ta'sirchan natijalarga erishish mumkinligini ko'rsatadi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish