Malayziyadan munosabat: Markaziy Osiyo va AQSh o'rtasida to'g'ridan-to'g'ri xalqaro aloqalar o'rnatiladi
Noyabr 08, 2025. 12:10 • 2 daq
• 60
KUALA-LUMPUR, 8-noyabr. / "Dunyo" AA/. Malayziya Strategik va xalqaro tadqiqotlar instituti yetakchi tahlilchisi Karim Qosim "Dunyo" AA uchun intervyusida O'zbekiston Prezidentining AQShga tashrifi va Markaziy Osiyo mamlakatlari va AQSh yetakchilarining "C5+1" formatdagi sammitdagi ishtiroki haqida fikr bildirdi:

– Mintaqa yetakchilarining Oq uydagi qabuli, Prezident Donald Tramp bilan ikki tomonlama uchrashuvlar – Vashington Markaziy Osiyoning mintaqaviy va xalqaro nufuzi ortib borayotganini e'tirof etayotganidan dalolat beradi.
Konseptual jihatdan esa ushbu sammit Markaziy Osiyo va AQSh o'rtasida to'g'ridan-to'g'ri, xalqaro aloqalarni o'rnatishga zamin yaratadi.
Aslini olganda, tashrif sezilarli natijalar berdi. AQSh Prezidenti O'zbekiston bilan savdo va sarmoyaviy bitimlarning katta to'plamini e'lon qildi. Keyingi uch yil ichida xaridlar va investitsiyalar shaklida qariyb 35 milliard AQSh dollari va keyingi o'n yil ichida istiqbolli loyihalar shaklida 100 milliard AQSh dollaridan ortiq yirik loyihalar amalga oshiriladi.
"O'zbekiston havo yo'llari" aviakompaniyasining "Boeing 787-9" samolyotlariga qiymati 8 milliard dollardan 8,5 milliard dollargacha bo'lgan 22 ta samolyotga buyurtma berishi, AQShda o'n minglab ish o'rinlarini yaratish imkonini beradi. Bu esa ikki tomonlama hamkorlik va sheriklik aloqalar ahamiyatini yanada oshiradi.
Tashrif bilan bog'liq turli ishbilarmonlik dasturi doirasidagi uchrashuvlar ham ahamiyatga molik. Xususan, AQSh Xalqaro taraqqiyotni moliyalashtirish korporatsiyasi (DFC) rahbariyati bilan muzokaralarda Toshkentda DFC ofisini ochish va qo'shma investitsiya platformasini ishga tushirish istiqbollari muhokama qilindi. Shuningdek, AQSh Eksimbanki bilan energetika, muhim foydali qazilmalar, transport, qishloq xo'jaligi va AKT sohalarida hamda O'zbekiston milliy aviatsiya parkini modernizatsiya qilish bo'yicha yirik loyihalarni moliyalashtirish yuzasidan muzokaralar olib borildi.
Tashrifning strategik ahamiyati ko'p tomonlama xalqaro hamkorlikni faol amalga oshirishda iborat. Sammitda O'zbekiston tomonidan ilgari surilgan tashabbuslar Toshkentning faol diplomatiyasini namoyish etadi. Ushbu qadamlar O'zbekistonning o'sib borayotgan xalqaro faolligini aks ettiradi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid
O‘zbekiston–Paragvay: qitʼalar va okeanlar orqali muloqot
Yangi O'zbekiston: konstitutsiyaviy islohotlardan – konstitutsiyaviy barqarorlik sari