Logo

Pokistondan munosabat: O'zbekiston Prezidentining TDT norasmiy sammitidagi nutqi strategik tahlilga asoslangan, amaliy yechimlarga yo'naltirilgan va hamkorlik borasidagi ochiq pozitsiyalarni qamrab oladi

May 25, 2025. 11:06 • 3 daq

50
Pokistondan munosabat: O'zbekiston Prezidentining TDT norasmiy sammitidagi nutqi strategik tahlilga asoslangan, amaliy yechimlarga yo'naltirilgan va hamkorlik borasidagi ochiq pozitsiyalarni qamrab oladi

ISLOMOBOD, 25-may. /"Dunyo" AA/. Quaid-i A'zam universitetining siyosat va xalqaro munosabatlar fakulteti dekani, professor Zafar Navaz Jaspal (Pokiston) "Dunyo" AA uchun intervyusida O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 21-may kuni Budapesht shahrida bo'lib o'tgan Turkiy davlatlar tashkiloti norasmiy sammitida so'zlagan nutqining ahamiyati haqidagi fikrlarini bayon qildi:

– O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Turkiy davlatlar tashkiloti norasmiy sammitida so'zlagan nutqi har tomonlama o'ylangan, konstruktiv va amaliy yondashuvga ega ekani bilan alohida e'tiborga loyiq.

Xalqaro munosabatlar va mintaqaviy xavfsizlik bo'yicha izlanishlarimga asoslanib ayta olamanki, mazkur nutqda ko'tarilgan masalalar va bildirilgan tashabbuslar nafaqat trkiy dunyo, balki kengroq Yevroosiyo mintaqasi uchun ham dolzarb va o'rinli.

Prezident Shavkat Mirziyoyevning global va mintaqaviy muammolarga, jumladan, Ukraina atrofidagi vaziyat, G'azodagi ziddiyat va Afg'onistondagi murakkab holatga nisbatan bildirgan tinchlikparvar va xalqaro huquqqa tayanadigan pozitsiyasi Pokiston tashqi siyosatining asosiy yondashuvlariga hamohang hisoblanadi.

G'azo masalasida "ikki xalq – ikki davlat" tamoyilini qo'llab-quvvatlashi va bu nizoga adolatli yechim izlashga chaqirishi ayniqsa e'tirofga loyiq.

Shuningdek, iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish bo'yicha bildirilgan tashabbuslar, jumladan, "Turk-treyd" onlayn platformasi, savdoni oshirish dasturi, Transkaspiy yo'lagidan samarali foydalanish va "yashil koridorlar" tizimini joriy etish borasidagi takliflar mintaqaviy iqtisodiy integratsiya uchun mustahkam poydevor yaratadi.

Pokiston bu kabi infratuzilma va logistika loyihalarining geoiqtisodiy jihatdan muhim ahamiyatini o'zining Xitoy-Pokiston iqtisodiy koridori doirasidagi tajribasidan kelib chiqqan holda to'liq anglab yetadi va shu kabi umumiy farovonlikka erishishga yo'naltirilgan tashabbuslarni doimo qo'llab-quvvatlaydi.

O'zbekiston yetakchisining ta'lim va ilm-fan sohasidagi tashabbuslari ham juda muhim. Toshkentda Turkiy davlatlar xalqaro universitetining tashkil etilishi yosh avlodning intellektual salohiyatini oshirishga, ularni zamonaviy bilimlar bilan "qurollantirishga" xizmat qilishi shubhasiz. Pokiston ham Markaziy Osiyo davlatlari, kengroq ko'lamda esa turkiy mamlakatlar bilan ta'lim sohasidagi hamkorlikni kengaytirishga jiddiy intilmoqda va bunday tashabbuslar ikki hamda ko'p tomonlama akademik aloqalarni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.

Pokiston madaniyatida Markaziy Osiyo turkiy xalqlari bilan tarixiy-madaniy almashuvlarning o'rni katta. Biz mintaqaviy bog'liqlik tashabbusi doirasida bu aloqalarni yanada chuqurlashtirish ustida ishlamoqdamiz. Shu jihatdan Prezident Shavkat Mirziyoyevning turkiy madaniyat va tarixiy merosni asrash, uni kelgusi avlodlarga yetkazish borasidagi yondashuvi alohida e'tiborga loyiq. O'zbekistonning Turkiy madaniyat va meros jamg'armasiga a'zo bo'lishi hamda TURKSOY faoliyatini zamonaviy talablar asosida takomillashtirish bo'yicha bildirilgan takliflar turkiy xalqlar o'rtasidagi madaniy-ruhiy yaqinlikni yanada mustahkamlaydi.

Qolaversa, iqlim o'zgarishi va qurg'oqchilik kabi global ekologik muammolarga qarshi kurashish bo'yicha bildirilgan tashabbuslar ham bugungi kun uchun o'ta muhim ahamiyatga ega. Qurg'oqchilikning oldini olish institutining tashkil etilishi va bu borada yo'l xaritasi ishlab chiqish taklifi barcha mintaqaviy davlatlar, jumladan Pokiston uchun ham dolzarbdir. Chunki bu muammolar chegara bilmas holda butun mintaqani qamrab olmoqda.

Xulosa qilib aytganda, Prezident Shavkat Mirziyoyevning nutqi strategik tahlilga asoslangan, amaliy yechimlarga yo'naltirilgan va hamkorlik borasidagi ochiq pozitsiyalarni qamrab oladi. Uning tashabbuslari Turkiy davlatlar tashkilotining kuchayishi, uning xalqaro miqyosda ta'sirchan tashkilot sifatida shakllanishiga xizmat qiladi. Pokiston ekspert doiralari bu jarayonlarni diqqat bilan kuzatib bormoqda hamda turkiy davlatlar bilan turli sohalardagi aloqalarni rivojlantirish borasidagi takliflarni ishlab chiqishda ushbu tashabbuslarni albatta chuqur tahlildan o'tkazadi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish