Logo

Pokistondan munosabat: O'zbekiston mintaqalararo muloqotning bog'lovchi halqasi va faol moderatoriga aylanmoqda

May 17, 2025. 11:02 • 2 daq

85
Pokistondan munosabat: O'zbekiston mintaqalararo muloqotning bog'lovchi halqasi va faol moderatoriga aylanmoqda

ISLOMOBOD, 17-may. /"Dunyo" AA/. Pokistonning Kvetta shahri Savdo-sanoat palatasi vitse-prezidenti Mirvays Xan Kakar "Dunyo" AA uchun intervyusida 19-may kuni Termizda boshlanadigan "Tinchlik, do'stlik va farovonlikning umumiy makonini barpo etish" mavzusidagi Markaziy va Janubiy Osiyo o'rtasidagi o'zaro bog'liqlik bo'yicha Termiz muloqotining birinchi yig'ilishi to'g'risidagi fikr-mulohazalarini bildirdi:

– Ushbu forum ikki muhim makromintaqa – Markaziy va Janubiy Osiyo o'rtasidagi hamkorlikni mustahkamlashdek ustuvor vazifaga bag'ishlangan.

Termiz o'zining noyob tarixiy-madaniy merosi bilan yana bir bor sivilizatsiyalarni bog'lovchi muhim xalqa ekanini tasdiqlamoqda va mintaqada iqtisodiy diplomatiya, turizmni rivojlantirish hamda xalq diplomatiyasini mustahkamlashning muhim drayveriga aylanishi mumkin.

Termiz muloqoti bugungi global muammolar va beqarorlik kuchayib borayotgan sharoitda o'tkazilayotgani dolzarb ahamiyat kasb etadi. U Markaziy va Janubiy Osiyo o'rtasidagi aloqalarni mustahkamlash uchun o'xshashi yo'q platforma bo'lib, barqaror iqtisodiy o'sish, xavfsizlikni ta'minlash va mintaqaviy barqarorlikni saqlash uchun juda muhim hisoblanadi. Bugun, har qachongidan ham ko'ra, ochiq muloqot va davlatlar o'rtasida ishonchni mustahkamlashga qaratilgan qo'shma loyihalarni amalga oshirishga ehtiyoj mavjud.

Markaziy va Janubiy Osiyo iqtisodiy va gumanitar muammolarni birgalikda yengish borasida hamkorlar, bir-birini qo'llab-quvvatlovchi sheriklar sifatida faoliyat yuritishi lozim. Bu umumiy iqtisodiy xavfsizlik, barqaror rivojlanish va mintaqalararo bog'liqlikning asosiy omilidir.

Markaziy Osiyoda konsolidatsiya va konstruktiv muloqotga oid ijobiy tendensiyalar kuzatilmoqda. Mazkur jarayonlar Janubiy Osiyo bilan mintaqalararo hamkorlikni, ayniqsa, savdo, logistika va madaniyat kabi strategik muhim sohalarda yanada rivojlantirish uchun qulay poydevor yaratyapti.

Albatta, O'zbekistonning yetakchi rolini alohida ta'kidlash kerak. Mamlakat integratsion jarayonlarning tashabbuskori sifatida faol tashqi siyosat olib bormoqda. Prezident Shavkat Mirziyoyevning uzoqni ko'zlovchi tashabbuslari natijasida mintaqaviy hamkorlikni chuqurlashtirish uchun strategik asos yaratilgan. Kelajakda O'zbekiston mintaqalararo muloqotning bog'lovchi halqasi va faol moderatoriga aylanishi mumkin.

Mintaqalarimizning iqtisodiy salohiyati ulkan. Yalpi milliy mahsulot hajmi va aholi sonini inobatga olgan holda, savdo to'siqlarini bartaraf etish, savdo jarayonlarini soddalashtirish, qo'shma korxonalar tashkil etish va infratuzilma loyihalariga sarmoya kiritish juda muhim, deb hisoblayman. Ayniqsa, raqamli integratsiya va kichik hamda o'rta biznesni qo'llab-quvvatlashga alohida e'tibor qaratish lozim.

"CASA-1000", "TAPI" va Transafg'on temir yo'li kabi yirik infratuzilmaviy loyihalar o'zaro bog'liqlikning amaliy ramzidir. Ushbu loyihalar barqaror energetika, logistik aloqalar va davlatlar o'rtasida siyosiy ishonchni chuqurlashtirishni ta'minlaydi.

Ushbu forumning muhimligini inobatga olgan holda, Pokiston mazkur tadbirda nufuzli delegatsiya bilan ishtirok etadi. Bu mamlakatimizning O'zbekiston bilan barcha yo'nalishlarda strategik munosabatlarni mustahkamlash, shuningdek, ikki mintaqa o'rtasidagi integratsion jarayonlarda faol ishtirok etish istagini anglatadi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish