Logo

O'zbekiston hududlari va Turkmanistonning Lebap viloyati o'rtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlik yanada jadallashadi

Iyun 29, 2025. 11:41 • 2 daq

122
O'zbekiston hududlari va Turkmanistonning Lebap viloyati o'rtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlik yanada jadallashadi

TURKMANOBOD, 30-iyun. /"Dunyo" AA/. O'zbekiston elchisi Ravshanbek Alimov amaliy safar bilan Turkmanistonning Lebap viloyatiga bordi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Elchi Ravshanbek Alimov tashrif davomida Lebap viloyati hokimi Maqsat Annanepesov bilan uchrashuv o'tkazdi.

Unda O'zbekiston hududlari va Lebap viloyati o'rtasidagi savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi. Xususan, o'tgan yilning 20-21-noyabr kunlari Turkmanobod shahrida o'tkazilgan O'zbekiston – Turkmaniston ikkinchi hududlararo forumi yakunlari bo'yicha erishilgan kelishuvlardan kelib chiqqan holda O'zbekiston hududlarining Lebap viloyati bilan hamkorlik aloqalarini jadallashtirish istiqbollariga e'tibor qaratildi.

Shuningdek, Buxoro va Lebap viloyatlari hokimliklari o'rtasida 2025-2026-yillarga mo'ljallangan hamkorlik bo'yicha "yo'l xaritasi"ni ishlab chiqish o'zaro manfaatli hamkorlik aloqalarini tizimli ravishda rivojlantirish uchun muhim ahamiyat kasb etishi ta'kidlandi.

Suhbatdoshlar mamlakatimizda O'zbekiston – Turkmaniston uchinchi hududlararo forumi tashkil etish imkoniyatlarini ham ko'rib chiqdilar.

Bundan tashqari, muloqot chog'ida O'zbekiston va Turkmaniston chegaraoldi savdo zonalarining barpo etilishi ikki mamlakat o'rtasidagi o'zaro savdo-sotiq hajmini oshirishga, birodar qo'shni davlatlarning chegaradosh viloyatlarining iqtisodiyoti va aholisi farovonligini yuksaltirishga xizmat qilishi ta'kidlandi.

O'zbekiston elchisi tashrif davomida Turkmaniston Sanoatchilar va tadbirkorlar uyushmasining Lebap viloyat boshqarmasida mahalliy tadbirkorlar bilan uchrashuv o'tkazdi. Unda ikki davlat ishbilarmonlar doiralari vakillari ishtirokida qo'shma biznes-forumlar o'tkazish, sanoat va agrotexnologiya kooperatsiyasi loyihalarini amalga oshirish, savdo aloqalarini faollashtirish orqali hududlararo hamkorlik samaradorligini yanada oshirishning aniq yo'nalishlari belgilab olindi.

Uchrashuv yakunida ikki davlat hududlari o'rtasidagi hamkorlikni kengaytirish maqsadida O'zbekiston elchixonasi bilan doimiy muloqotni yo'lga qo'yish va birgalikdagi sa'y-harakatlarni faollashtirishga kelishib olindi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish