O'zbekistonda qishloq va suv xo'jaligi sohasida tahsil olayotgan talabalar uchun Turkmanistonda o'quv amaliyoti tashkil etildi
Iyul 02, 2025. 10:08 • 2 daq
• 108
ASHXOBOD, 1-iyul. / "Dunyo" AA/. "Toshkent irrigatsiya va qishloq xo'jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti" Milliy tadqiqot universitetining bir guruh talabalari Turkmaniston qishloq xo'jaligi universiteti tomonidan tashkil etilgan o'quv amaliyotida ishtirok etyapti, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

10 kunlik amaliyot dasturiga muvofiq, o'zbekistonlik talabalar qishloq va suv xo'jaligi sohasida Turkmaniston tajribasini o'zlashtirishga oid o'quv-amaliy mashg'ulotlarda ishtirok etadi.
Shuningdek, dastur doirasida talabalar Turkmaniston qishloq xo'jaligi universiteti o'quv xo'jaligi, yetakchi qishloq xo'jaligi texnikasi markazlari, Turkmaniston Fanlar akademiyasi ilmiy-texnologik parki, Davlat markaziy botanika bog'i hamda boshqa qishloq va suv xo'jaligi tashkilotlari obyektlariga tashrif buyurib, ularning faoliyati bilan yaqindan tanishish imkoniyatiga ega bo'ladilar.
O'quv amaliyotining tantanali ochilishi marosimida Turkmaniston Qishloq xo'jaligi universiteti rektori Allaberdi Gapurov so'zga chiqib, o'zbekistonlik talabalar va o'qituvchilarni samimiy qutladi. Mamlakatlarimizning azaldan qardosh davlatlar ekanligini ta'kidlab, ikki davlat rahbariyatiga talaba yoshlarga bu kabi yaratilayotgan imkoniyatlar uchun chuqur minnatdorlik bildirdi.
O'zbekiston elchisi Ravshanbek Alimov o'z navbatida, tashkil etilgan o'quv amaliyoti ikki mamlakat o'rtasida ta'lim, fan va malakali mutaxassislar tayyorlash borasida mustahkamlanayotgan hamkorlikning yorqin namunasi ekanligini qayd etdi. Shuningdek, ushbu dastur nafaqat kasbiy bilimlarni chuqurlashtirish, balki qardosh xalqlarimiz o'rtasidagi do'stlik va yaxshi qo'shnichilik rishtalarini yanada mustahkamlashga qaratilgan muhim qadam ekanligi ta'kidlandi.
Bundan tashqari, joriy yilning iyul oyida Turkmaniston Qishloq xo'jaligi universitetining 20 nafar talabasi "Toshkent irrigatsiya va qishloq xo'jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti" Milliy tadqiqot universitetida o'quv amaliyotini o'tash uchun Toshkentga kelishi rejalashtirilgani ma'lum qilindi.
Bu kabi almashinuv dasturlari O'zbekiston va Turkmaniston yosh mutaxassislari o'rtasida kasbiy aloqalarni mustahkamlashga hamda ikki mamlakat o'rtasidagi ta'lim va ilm-fan sohasidagi hamkorlikni yanada kengaytirishga xizmat qiladi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid
O‘sh shahrida Alisher Navoiy haykali va uning nomi bilan atalgan shohko‘cha ochildi
ADPI pedagoglari Qirg‘iz–o‘zbek xalqaro universiteti faoliyati bilan tanishdi