Logo

Qozog'istonning Shimkent shahrida O'zbek tili va madaniyati markazi ochildi

Dekabr 27, 2023. 19:15 • 2 daq

653
Qozog'istonning Shimkent shahrida O'zbek tili va madaniyati markazi ochildi

OLMAOTA, 28-dekabr. /"Dunyo" AA/. Qozog'istonning Shimkent shahridagi Jumabek Tashenov nomidagi universiteti qoshida O'zbek tili va madaniyati markazi ochildi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Ushbu markaz Jumabek Tashenov nomdagi universiteti va Andijon davlat pedagogika instituti o'rtasida tuzilgan Hamkorlik memorandumi asosida tashkil etildi. 


Qayd etish kerakki, mazkur universitetda «O'zbek tili va adabiyoti o'qituvchilari» dasturi asosida bakalavr va magistrlar tayyorlanmoqda.


Universitet tashkil etilganining 25 yilligiga bag'ishlangan xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya doirasida O'zbek tili va madaniyati markazining tantanali ochilish marosimi bo'lib o'tdi.


Unda Andijon davlat pedagogika instituti rektori Baxtiyor Rasulov boshchiligidagi O'zbekiston oliy ta'lim muassasalari vakillaridan iborat delegatsiya qatnashdi.


Qozog'iston tomoni O'zbek tili va madaniyati markazining tashkil etishda munosib hissa qo'shgan Andijon davlat pedagogika instituti, Toshkent davlat o'zbek tili va adabiyoti universiteti rahbariyati hamda professor-o'qituvchilariga minnatdorlik bildirdi.


Tadbirda so'zga chiqqanlar, ushbu markazning ochilishi O'zbekiston va Qozog'iston o'rtasidagi sifat jihatdan yangi bosqichga ko'tarilgan ta'lim va madaniyat sohalaridagi o'zaro munosabatlarni amaliy mazmun bilan boyitishini qayd etdilar.


Ta'kidlanganidek, markaz O'zbekistonning milliy madaniyati, adabiyoti va urf odatlarini keng targ'ib qilish imkonini beradi.


Eslatib o'tamiz, yaqinda dunyoning eng qadimiy ta'lim va tadqiqot muassasalaridan biri - Oksford universitetida O'zbek tili markazi ochildi. Markaz 2024-yil yanvardan boshlab ilk talabalarni qabul qiladi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish