Logo

O'zbekiston va Qozog'iston hududlari o'rtasida savdo-iqtisodiy va ijtimoiy-gumanitar aloqalar rivojlantiriladi

Iyul 17, 2025. 10:36 • 2 daq

200
O'zbekiston va Qozog'iston hududlari o'rtasida savdo-iqtisodiy va ijtimoiy-gumanitar aloqalar rivojlantiriladi

OSTONA, 17-iyul. /"Dunyo" AA/. O'zbekiston elchisi Baxtiyor Ibragimov boshchiligidagi mamlakatimiz diplomatik missiyasi delegatsiyasi amaliy tashrif bilan Sharqiy Qozog'iston viloyatiga bordi, deb xabar beryapti "Dunyo" AA muxbiri.

Tashrif davomida Sharqiy Qozog'iston viloyati hokimi Nurimbet Saktaganov bilan uchrashuv o'tkazildi. Qozog'iston tomoni muloqot avvalida hududning iqtisodiy va sarmoyaviy salohiyatini taqdim etdi. Qo'shni respublika vakillari O'zbekiston bilan savdo-iqtisodiy aloqalarni rivojlantirishdan manfaatdorligini bildirdi.

O'zbekiston diplomatlari safar davomida mazkur hududda yashovchi O'zbekiston fuqarolari bilan uchrashdi. Ishtirokchilarga mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar, vatandoshlarni qo'llab-quvvatlash chora-tadbirlari haqida so'zlab berildi. Konsullik-huquqiy masalalar bo'yicha tegishli tavsiyalar bildirildi. Qozog'istonning migratsiyaga oid qonunchiligigi to'liq rioya qilish muhimligi ta'kidlandi.

Safar doirasida O'zbekiston diplomatik missiyasi rahbari Sharqiy Qozog'iston viloyati hokimligi tomonidan tashkil etilgan hududiy investitsiyaviy forumda ishtirok etdi.

Forumda Qozog'iston tomoni birgalikda amalga oshirish uchun tayyorlangan bir qator istiqbolli loyihalarni taqdim etdi. Shuningdek, O'zbekiston tomoni shu yil sentyabr oyida o'tkazilishi rejalashtirilgan "Altai Invest – 2025" investitsiya forumida ishtirok etishga taklif qilindi.

Tashrif doirasida elchixona delegatsiyasi Daulet Serikbayev nomidagi Sharqiy Qozog'iston texnologiya universitetida bo'ldi. Talabalar bilan kechgan uchrashuvda ilmiy-tadqiqot loyihalari taqdimoti o'tkazildi. Taqdim etilgan loyihalar tibbiyot, qishloq xo'jaligi, ishlab chiqarish va metallurgiya kabi sohalarni qamrab oldi.

Mazkur tashrif hududlararo hamkorlikni mustahkamlash, O'zbekiston hududlari va Sharqiy Qozog'iston viloyati o'rtasida aniq sarmoyaviy, ishlab chiqarish va ijtimoiy-gumanitar loyihalarni amalga oshirish yo'lidagi muhim qadam bo'ldi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish