Logo

Abu-Dabida mamlakatimizning 34 yilligi keng nishonlandi

Noyabr 17, 2025. 11:21 • 2 daq

73
Abu-Dabida mamlakatimizning 34 yilligi keng nishonlandi

ABU-DABI, 18-noyabr. /"Dunyo" AA/. O'zbekiston elchixonasi va Bosh konsulxonasi ko'magida Abu-Dabi shahrida mamlakatimiz davlat mustaqilligining 34-yilligiga bag'ishlangan bayram tadbiri bo'lib o'tdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Bayram tadbirida Energetika va infratuzilma vaziri Suxayl Muxamad Al Mazruiy, Musulmon oqsoqollar kengashi va Zayd insonparvar birodarlik mukofoti laureati bosh kotibi Muhammad Abdulsalom, Birlashgan Arab Amirliklarining Tashqi ishlar vazirligi mutasaddi departamenti rahbarlari, Milliy federal kengashi, Adliya vazirligi vakillari, Al Ayn universiteti, "Masdar", "TAQA Water Solutions", "AD Ports", "Metito", "Alfa Star", "Burjeel Holdings", "First Abu Dhabi Bank", "Ghazanfar Group", "IGG" kompaniyalari rahbarlari hamda diplomatik korpus vakillari hamda turli amirliklarda istiqomat qiluvchi vatandoshlarimiz ishtirok etdi.

Bayram tadbiri boshlanishi oldidan O'zbekiston va BAA davlatlarining madhiyalari ijro etildi. O'zbekistonning BAAdagi Favqulodda va muxtor elchisi Alisher Aqqulov o'z tabrik nutqida, mustaqillik yillarida O'zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko'lamli islohotlar xususida so'zlab, mamlakatimizning barcha sohalarda bosib o'tayotgan taraqqiyot yo'lini alohida ta'kidladi. Shuningdek, O'zbekiston va BAA o'rtasidagi ikki tomonlama hamkorlikning har qachongidan jadal va samarali rivojlanayotganini urg'ulab, O'zbekiston Prezidentining joriy yilning yanvar oyida BAAga rasmiy tashrifi keng qamrovli hamda o'zaro manfaatli hamkorlikni sifat jihatdan yangi bosqichga olib chiqqanini qayd etdi.

Bundan tashqari, ochilish nutqida BAAda O'zbekiston Ishbilarmonlar kengashi rasman tashkil etilganligi va 2025-yil noyabr – 2026-yil mart oylarida davom etadigan "Sheyx Zaid festivali" madaniy tadbirida O'zbekistonning ishtiroki boshlanganligi e'lon qilindi.

O'zbekiston Madaniyat vazirligi ko'magida tashkil etilgan konsert dasturi bayramona muhit yaratib, yig'ilganlarga xush kayfiyat bag'ishladi.

Tadbir davomida mamlakatimiz turizm salohiyatini aks ettiruvchi videoroliklar to'plami mehmonxona monitorlarida namoyish etildi, turizm va milliy qadriyatlarimizni aks ettirgan taqdimot materiallari va oziq-ovqat mahsulotlarini namoyish qilgan ko'rgazma uyushtirildi. O'zbek milliy taomlari tashkil etildi.

Shu bilan birga, tadbir ishtirokchilari uchun lotereya o'tkazilib, g'oliblarga "Fly Dubai" va "Air Arabia" aviakompaniyalari taqdim etgan O'zbekistonga aviachiptalar va tur paketlar sovg'a qilindi.

Madaniy dasturlar mustaqilligimizning 34 yilligi tadbiriga o'zgacha shukuh baxsh etdi va ushbu tadbir Birlashgan Arab Amirliklarining ommaviy axborot vositalarida va ijtimoiy tarmoqlarda keng yoritildi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish