Logo

Ashxobod shahridagi Alisher Navoiy haykali poyiga gul qo'yildi

Fevral 09, 2025. 07:39 • 2 daq

200
Ashxobod shahridagi Alisher Navoiy haykali poyiga gul qo'yildi

ASHXOBOD, 9-fevral. /"Dunyo" AA/. Turkmaniston poytaxti Ashxobod shahridagi Buyuk shoir va mutafakkir, atoqli davlat va jamoat arbobi Alisher Navoiy haykali poyiga gul qo'yish marosimi bo'lib o'tdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Tadbirda Turkmanistonning davlat, madaniy va jamoat tashkilotlari vakillari, xorijiy diplomatik korpus rahbarlari va xodimlari ishtirok etdi.

O'zbekiston elchisi Ravshanbek Alimov o'z nutqida Alisher Navoiy nomi jahon adabiyoti va madaniyati tarixiga mangulik, donishmandlik, insonparvarlik va ijodiy daho timsoli sifatida muhrlanganini ta'kidladi. Qayd etilganidek, Navoiyning teran va nafis lirikasi jahon adabiyoti xazinasidan munosib o'rin egallab, hozirgacha kitobxonlar qalbidan mustahkam o'rin olib kelmoqda.

Elchi Maxtumquli Firog'iy nomidagi madaniyat va istirohat bog'i majmuasida o'rnatilgan mahobatli yodgorlik hamda Alisher Navoiy merosiga ko'rsatilayotgan yuksak ehtirom va hurmat uchun Turkmaniston rahbariyati va xalqiga minnatdorlik bildirdi.

Tadbir ishtirokchilari Alisher Navoiy ijodidan o'zbek, turkman va rus tillarida namunalar o'qib berdilar. Alisher Navoiyning o'lmas ijodiy merosini asrab-avaylash va keng targ'ib qilish qardosh xalqlar o'rtasida madaniy almashinuvni chuqurlashtirishga, navqiron avlodni Vatanga, o'z xalqi va davlatiga muhabbat hamda sadoqat ruhida tarbiyalashga muhim ahamiyat kasb etishi urg'ulandi.

Shuningdek, bunday tadbirlarning o'tkazilishi ikki qardosh davlat – O'zbekiston va Turkmaniston o'rtasidagi an'anaviy do'stlik hamda yaxshi qo'shnichilik munosabatlarini mustahkamlashga xizmat qilayotgani alohida ta'kidlandi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish