Logo

Londonda O'zbekiston Davlat bayrog'i qabul qilingan kun keng nishonlandi

Noyabr 20, 2025. 19:35 • 2 daq

258
Londonda O'zbekiston Davlat bayrog'i qabul qilingan kun keng nishonlandi

LONDON, 24-noyabr. /"Dunyo" AA/. Mamlakatimizning Londondagi elchixonasida Buyuk Britaniyada istiqomat qilayotgan faol yoshlar ishtirokida Davlat bayrog'imiz qabul qilingan kunning 34 yilligiga bag'ishlangan tadbir o'tkazildi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Uchrashuv nafaqat milliy ramzimizga hurmat va sadoqatni bildirish, balki o'zligimizni anglash, vatandoshlar birdamligini mustahkamlash va yurt kelajagiga daxldorlik tuyg'usini yanada kuchaytirishga xizmat qildi.

Tadbirda elchixona vakillari va ishtirokchi yoshlar tomonidan bayrog'imizning qabul qilinishi milliy davlatchiligimiz shakllanishidagi burilish nuqtasi bo'lgani, hamda undagi ranglar va ramzlar orqali xalqimiz asriy orzu-umidlari, tinchlikka sadoqati va taraqqiyot sari intilishi ifodalangani ta'kidlab o'tildi.

Shuningdek, tadbir davomida so'zga chiqqan hamyurtlarimiz bugungi dunyoda millat kelajagini belgilaydigan asosiy kuch yosh avlod ekani, ularning bilim, g'oya va tashabbuslari Vatanning xalqaro maydondagi nufuzini yanada oshirishga xizmat qilishini alohida qayd etdi.

Mazkur uchrashuv Londondagi vatandoshlarimizning birdamligini, ularning milliy g'oya va qadriyatlarga sodiqligini, O'zbekistondagi islohotlarga faol munosabatini yana bir bor namoyish etgan maydon bo'la oldi.

Bir so'z bilan aytganda ushbu tadbir Londondagi yoshlar o'rtasida milliy g'urur va Vatanga muhabbat tuyg'usini yanada mustahkamladi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish