Logo

Malayziyada bayroq qabul qilingan kun munosabati bilan tadbir o'tkazildi

Noyabr 18, 2025. 16:14 • 2 daq

55
Malayziyada bayroq qabul qilingan kun munosabati bilan tadbir o'tkazildi

KUALA-LIMPUR, 18-noyabr. /"Dunyo" AA/. 18-noyabr – O'zbekiston Respublikasi Davlat bayrog'i qabul qilingan kun munosabati bilan Malayziyaning Kuala-Lumpur shahrida "Muqaddasdir Vatan bayrog'i!" mavzusida tadbir tashkil etildi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Ushbu madaniy-ma'riviy tadbirda O'zbekistonning Malayziyadagi Elchixonasi diplomatlari, hozirda bu yerda malaka oshirish kurslarida tahsil olayotgan Toshkent shahar Maktabgacha va maktab ta'limi boshqarmasi vakillari hamda bir guruh vatandoshlar ishtirok etdi.

Bayroq azaldan yurtimiz suvereniteti va mustaqilligini ifodalovchi muqaddas timsol bo'lib kelgan. Tadbirda so'zga chiqqanlar ushbu muqaddas timsol haqida o'z his-tuyg'ularini bayon etishdi. 

"Mamlakatimizning jahon maydonidagi nufuzi tobora oshib, madaniyat, sport, ilm-fan kabi sohalarida katta g'alabalarga erishilmoqda. Bunga davlat bayrog'imizning jahon uzra baland ko'tarilayotganida yana bir bor amin bo'layapmiz. Bayroqning qanchalar muqaddas timsol ekani, ayniqsa, kishi o'zga yurtda bo'lganida, yanada sezilar ekan. Biz buni bugun jamoamiz bilan yurakdan his etmoqdamiz", – deydi Toshkent shahar Maktabgacha va maktab ta'limi boshqarmasi boshlig'i Iroda Yuldasheva. 

Tadbir davomida xalqining asriy orzu-istaklari, g'ayrat va shijoati, ajdodlar yodi va millat g'ururi mujassam bo'lgan bayrog'imizga hurmat bilan munosabatda bo'lish, uni doimo asrab-avvaylash lozimligi ta'kidlandi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish