Oʻzbekistonning Dehlidagi elchixonasi va Hindistonning yetakchi tahliliy markazi oʻzaro munosabatlarni rivojlantirish istiqbollarini muhokama qildi
Noyabr 21, 2025. 07:28 • 2 daq
• 187
DEHLI, 21-noyabr. /"Dunyo" AA/. Oʻzbekistonning Hindistondagi elchisi Sardor Rustamboyev Manohar Parrikar nomidagi Mudofaa tadqiqotlari va tahlil instituti (Manohar Parrikar Institute for Defence Studies and Analyses — MP-IDSA) bosh direktori Sujan Chinoy bilan uchrashdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Uchrashuv Oʻzbekiston-Hindiston strategik muloqotini rivojlantirish va ikki davlat "aqliy markazlari" oʻrtasidagi axborot-tahliliy hamkorlikka yangi sur'at bagʻishlash masalalariga bagʻishlandi.
Sujan Chinoy Oʻzbekistonda soʻnggi yillarda amalga oshirilayotgan yangilanish jarayoni, xususan, keng koʻlamli infratuzilmaviy va iqtisodiy islohotlarni yuqori baholadi. U Oʻzbekistonning Markaziy Osiyoda muhim ishlab chiqarish va logistika markazi sifatidagi oʻsib borayotgan salohiyatini alohida ta'kidladi.
Konstruktiv muloqot davomida tomonlar Oʻzbekiston-Hindiston strategik sherikligini chuqurlashtirishning amaliy jihatlariga alohida e'tibor qaratdi. Ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantirish istiqbollari, jumladan, axborot-tahliliy hamkorlikni faollashtirish va keng doiradagi masalalar boʻyicha qoʻshma tadqiqotlar oʻtkazish muhokama qilindi.
Uchrashuvning asosiy mavzusi ekspertlar hamjamiyati oʻrtasidagi aloqalarni mustahkamlash boʻldi. Shu munosabat bilan Sujan Chinoy MP-IDSA Oʻzbekistondan tashrif buyuradigan delegatsiyalar uchun uchrashuv va tadbirlar tashkil etishga tayyorligini tasdiqladi. Shuningdek, Oʻzbekiston elchixonasi vakillarining institutning doimiy seminarlarida hind ekspertlar auditoriyasi oldida chiqishlarini tashkil etish tashabbusi qoʻllab-quvvatlandi.
Tomonlar mintaqaviy xavfsizlikning dolzarb masalalari, jumladan, Afgʻonistondagi vaziyat va transmilliy tahdidlarni chuqur oʻrganish va muhokama qilish uchun qator ekspert uchrashuvlarini oʻtkazishga kelishib oldi.
Manohar Parrikar nomidagi Mudofaa tadqiqotlari va tahlil instituti Hindistonning mudofaa, strategik xavfsizlik va xalqaro munosabatlar masalalariga ixtisoslashgan yetakchi tahliliy markazlaridan biri hisoblanadi. MP-IDSA faoliyati strategik tahlil, mintaqaviy xavfsizlik, terrorizm va kiberxavfsizlik yoʻnalishlarini qamrab olgan.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi