O'zbekiston–Hindiston hamkorligi yangi bosqichga chiqmoqda: Surxondaryodagi yirik investitsiya loyihasi yuzasidan muvaffaqiyatli muzokaralar bo'lib o'tdi
Oktabr 21, 2025. 09:11 • 2 daq
• 65
DEHLI, 21-oktyabr. /"Dunyo" AA/. Termizda hindistonlik tadbirkorlar delegatsiyasi bilan muvaffaqiyatli muzokaralar bo'lib o'tdi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Ushbu voqea tog'-kon sanoati, oliy ta'lim va sog'liqni saqlash sohalarida qator strategik muhim qo'shma loyihalarni amalga oshirishga start berdi.
Surxondaryo viloyati hokimi Ulug'bek Qosimovning "GlokalEuroasia" kompaniyasi rahbari Iqbol Muhammad boshchiligidagi delegatsiya a'zolari bilan uchrashuvi chog'ida hududning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishiga salmoqli hissa qo'shadigan kelishuvlarga erishildi.
Qo'shma sa'y-harakatlarning asosiy investitsiya loyihasi tog'-kon sanoati sohasiga tegishli bo'ladi. "GlokalEuroasia" Uzun tumanida mis qazib olish va qayta ishlash bo'yicha yirik loyihaga o'z e'tiborini qaratdi.
Loyihaning umumiy qiymati 650 million dollar miqdorida baholanmoqda. Uning doirasida har yili 10 ming tonna mis qazib olish va qayta ishlash quvvatiga ega korxona tashkil etish rejalashtirilgan.
Istiqbolli hududda geologiya-qidiruv ishlarining dastlabki ikki bosqichi allaqachon muvaffaqiyatli yakunlangan.
Mazkur loyihaning hayotga tadbiq etilishi viloyat aholisi uchun 350 ta yangi ish o'rni yaratish imkonini beradi.
Tog'-kon sektoridan tashqari, hindistonlik hamkorlar viloyatning ijtimoiy infratuzilmasini rivojlantirishga ham jiddiy qiziqish bildirdi. Muzokaralar chog'ida oliy ta'lim va sog'liqni saqlash sohalaridagi qo'shma loyihalar muhokama qilindi.
Hindistonlik investor mintaqaga global tajriba va xalqaro ta'lim standartlarini olib kirishni, shu jumladan, boshqa mamlakatlardan talabalarni jalb qilishni niyat qilgan.
Viloyat hokimligi va "GlokalEuroasia" rahbariyati yangi muhim ijtimoiy tashabbuslarni amalga oshirish uchun texnik-iqtisodiy asoslarni tezkorlik bilan ishlab chiqish va dastlabki kelishuvlarni tayyorlash niyatini tasdiqladi.
Muzokaralarning ushbu bosqichi muvaffaqiyatli yakunlangani O'zbekistondagi izchil islohotlarning bevosita natijalarini hamda Surxondaryo viloyatining xalqaro investorlar uchun kasb etayotgan strategik ahamiyatini namoyish etmoqda.
"GlokalEuroasia" faoliyati tog'-kon sanoatida yirik loyihalarni amalga oshirishga yo'naltirilgan. Shuningdek, kompaniya yuqori sifatli ta'lim va tibbiyot muassasalarini rivojlantirishda ham katta tajribaga ega.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid
Budapeshtda ikkinchi O‘zbekiston–Vengriya hududlararo forumi bo‘lib o‘tdi
Polshadagi agentlik Toshkentda o‘z vakolatxonasini ochmoqchi
Gujranvala shahrida O‘zbekiston–Pokiston biznes-forumi bo‘lib o‘tdi