O'zbekiston va Pokistonning Mo'lton shahri o'rtasida savdo-iqtisodiy hamkorlik aloqalari kengaytiriladi
Avgust 28, 2025. 12:35 • 2 daq
• 42
MO'LTON, 28-avgust. /"Dunyo" AA/. O'zbekstonning Pokistondagi elchixonasi xodimlari amaliy safar bilan Panjob viloyatining yirik sanoat markazi – Mo'lton shahri bo'ldi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Safar ikki davlat o'rtasida iqtisodiy diplomatiya yo'nalishidagi hamkorlikni rivojlantirish, yangi va istiqbolli loyihalar bo'yicha muzokaralar o'tkazish maqsadida tashkil etildi.
Tashrif doirasida Mo'lton Savdo-sanoat palatasi vitse-prezidenti Mohsin Xavaja bilan uchrashuv bo'lib o'tdi.
Mohsin Xavaja O'zbekiston Prezidentining Markaziy va Janubiy Osiyoda mintaqaviy bog'liqlikni chuqurlashtirish tashabbusini yuqori baholadi hamda ikki mamlakat tadbirkorlari o'rtasidagi savdo-iqtisodiy sheriklikni mustahkamlashga qaratilgan qo'shma loyihalarni har tomonlama qo'llab-quvvatlashga tayyorligini bildirdi.
Uchrashuvda O'zbekistonning iqtisodiy va investitsiyaviy salohiyati, amalga oshirilayotgan islohotlar, qo'shma korxonalar tashkil etish imkoniyatlari va maxsus iqtisodiy zonalar faoliyati haqida batafsil ma'lumot taqdim etildi.
Ikki tomonlama savdo hajmini kengaytirish, o'zaro investitsiyalarni ko'paytirish hamda ishbilarmon doiralar o'rtasida aloqalarni yo'lga qo'yish, tijorat takliflari bo'yicha tezkor ma'lumot almashish, tovar ayirboshlashda muqobil savdo mexanizmlaridan foydalanish imkoniyatlari muhokama qilindi.
Pokistonlik hamkorlar O'zbekistonda o'tkaziladigan sanoat ko'rgazmalarida ishtirok etishga qiziqish bildirdi. Shuningdek, O'zbekiston ishbilarmon doiralari delegatsiyalarini Mo'lton shahrida qabul qilishga tayyor ekanligini qayd etdi.
Pokiston tomoni Mo'lton Savdo-sanoat palatasining O'zbekiston Savdo-sanoat palatasi va Yengil sanoatni rivojlantirish agentligi bilan hamkorlik o'rnatishga tayyorligini bildirib, muntazam muloqotni yo'lga qo'yish va istiqbolli hamkorlik masalalarini muhokama qilish uchun manfaatdor tomonlar o'rtasida onlayn uchrashuv o'tkazishni taklif qildi.
Tomonlar O'zbekistonda Mo'lton mahalliy mahsulotlari ko'rgazmasini tashkil etish masalasini ko'rib chiqdi, tegishli tashkiliy masalalarni hamkorlikda muvofiqlashtirishga kelishib olindi.
Safar doirasida hududning yirik ishlab chiqaruvchilari – "KTM Leather" charmni qayta ishlash zavodi va "Masood Roomi" to'qimachilik korxonasi faoliyati bilan tanishildi.
Zamonaviy ilg'or texnologiyalar asosida yuqori sifatli mahsulot ishlab chiqaruvchi "KTM Leather" kompaniyasi mahalliy va xalqaro bozorlarda mustahkam mavqega ega bo'lib, "Zara", "H&M", "Walmart" kabi yirik brendlar bilan hamkorlik qiladi.
Korxona rahbari Xavaja Mehr Ali O'zbekistonda yaratilgan qulay shart-sharoitlarni yuqori baholab, mamlakatimizda charm sanoati sohasida hamkorlikni yo'lga qo'yishga qiziqish bildirdi.
Uy tekstili sohasida faoliyat yurituvchi "Masood Roomi" korxonasida bo'lib o'tgan uchrashuvda ishlab chiqarishning to'liq sikli – xomashyo tayyorlash va to'quv operatsiyalaridan tortib, tayyor mahsulotlarni tikish, pardozlash va qadoqlashgacha bo'lgan jarayon bilan yaqindan tanishildi.
Kompaniya rahbariyati bilan O'zbekistonda zamonaviy texnologiyalar asosida "Home Textile" usulida mahsulot ishlab chiqarishni yo'lga qo'yish imkoniyati muhokama qilindi.
Uchrashuvlar yakunida tomonlar bu formatdagi muloqotni davom ettirish, ikki mamlakat ishbilarmonlari o'rtasida uzoq muddatli hamkorlikni yo'lga qo'yish, qo'shma loyihalarni ishlab chiqish va o'zaro tashriflarni amalga oshirish yuzasidan kelishib oldi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid
Budapeshtda ikkinchi O‘zbekiston–Vengriya hududlararo forumi bo‘lib o‘tdi
O‘zbekiston va Chexiya o‘rtasida hamkorlik kengaytiriladi
Polshadagi agentlik Toshkentda o‘z vakolatxonasini ochmoqchi