Logo

O'zbekistonda yetishtirilgan qishloq xo'jaligi mahsulotlarining Saudiya Arabistoniga eksporti ko'paytiriladi

Avgust 21, 2024. 10:09 • 58 soniya

263
O'zbekistonda yetishtirilgan qishloq xo'jaligi mahsulotlarining Saudiya Arabistoniga eksporti ko'paytiriladi

AR-RIYOZ, 21-avgust. /"Dunyo" AA/. O'zbekiston elchisi Nodirjon Turg'unov Saudiya Arabistoni atrof-muhit, suv va qishloq xo'jaligi vaziri Abdulrahmon bin Abdulmo'hsin Al-Fadli bilan uchrashdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Uchrashuv avvalida Saudiya tomoniga O'zbekistonning qishloq xo'jaligi tarmog'idagi investitsion salohiyati, yaratilgan imkoniyatlar, davlat tomonidan investorlarga berilgan imtiyozlar haqida to'liq ma'lumot berildi.

O'zbekiston va Saudiya Arabistoni o'rtasidagi qishloq xo'jaligi sohasidagi hamkorlikni yo'lga qo'yish, ushbu mamlakatning yetakchi qishloq xo'jaligi kompaniyalarini mamlakatimizdagi investitsiyaviy loyihalarni amalga oshirishga jalb qilish masalalari ko'rib chiqildi.

Tomonlar Saudiya kompaniyalarning qishloq xo'jaligi sohasidagi zamonaviy texnologiyalarini O'zbekistonga olib kirish, mamlakatimizda yetishtirilgan qishloq xo'jaligi mahsulotlari eksporti hajmini oshirish masalalariga alohida e'tibor qaratdilar.

Shuningdek, milliy mahsulotlar eksport nomenklaturasini kengaytirish, o'zbek tadbirkorlari va fermerlari tomonidan yetishtiriladigan ho'l va quritilgan mevalar, asal va boshqa turdagi mahsulotlarni Saudiya bozoriga olib kirish maqsadida Ar-Riyod shahrida 21-24-oktyabr kunlari o'tkaziladigan "Saudi Agriculture 2024" ko'rgazmasida ularning ishtirokini tashkil etish imkoniyatlari muhokama qilindi. Mazkur ko'rgazmada o'zbek kompaniyalari o'z mahsulotlari va innovatsion yechimlarini namoyish qilish orqali Saudiya Arabistoni bozoriga kirish imkoniyatlarini oshirishlari mumkin bo'ladi.

Uchrashuv yakunida tomonlar mazkur jabhada ikki tomonlama aloqalarni mustahkamlash va savdo hajmini oshirishga qaratilgan aniq qadamlarni belgilash bo'yicha kelishuvga erishdilar.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish