O'zbekistonning Belarus, Kuvayt va O'mondagi elchilari Samarqand viloyatini yanada rivojlantirishga hissa qo'shadilar
May 08, 2025. 17:14 • 2 daq
• 56
SAMARQAND, 8-may. /"Dunyo" AA/. O'zbekistonning Belarusdagi elchisi Rahmatulla Nazarov, Kuvaytdagi elchi Ayubxon Yunusov va O'mondagi elchi Abdusalom Xatamov Samarqand viloyatiga tashrif buyurdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

O'zbekistonning xorijdagi diplomatik vakolatxonalari rahbarlari safar davomida viloyat rahbariyati, ishbilarmon doiralari vakillari bilan uchrashuvlar o'tkazdi va yetakchi korxonalar faoliyati bilan tanishdi.
Xususan, Samarqand viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi Adiz Boboyev bilan kechgan muloqot chog'ida xorijiy mamlakatlarda viloyatning savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va turizm imkoniyatlarini keng targ'ib qilish, salohiyatli investorlarni jalb etish, hududda yetishtirilgan va ishlab chiqarilgan mahsulotlar eksporti hajmini yana-da oshirish to'g'risida fikr almashildi.
Samarqand viloyat rahbari xorijiy davlatlar bilan savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni jadallashtirish uchun mavjud imkoniyatlar, infratuzilma va logistika haqida batafsil ma'lumot berdi. Ta'lim sohasida ilm-fanni yana-da rivojlantirish bo'yicha chet davlatlar bilan hamkorlik qilib, ularning tajribalarini o'rganish zarurligini ta'kidlandi.
Samarqand viloyati va xorijiy mamlakatlar o'rtasida investitsiyaviy hamkorlikni chuqurlashtirish, savdo-iqtisodiy munosabatlar, ta'lim, turizm va qishloq xo'jaligi sohalaridagi istiqbolli dasturlarni amalga oshirishga alohida e'tibor qaratildi.
O'zbekistoning Belarusdagi elchisi Rahmatulla Nazarov Samarqand viloyatining Belarus bilan hamkorligini yana rivojlantirish bo'yicha bir qator takliflarni ilgari surdi. Jumladan, sut mahsulotlari, qishloq xo'jaligi jihozlari ishlab chiqaruvchilar bilan qo'shma klasterlar ochish, Samarqanddan poliz mahsulotlarini ushbu davlat bozoriga yetkazib berish va buning uchun logostikani rivojlantirish, Samarqand va Minsk universitetlari bilan talabalar almashinuvi, ilmiy loyihalar bo'yicha ish olib borish, Minsk – Samarqand yo'nalishida aviqatnovlarni tashkil etish istiqbolli yo'nalishlar sifatida qayd etildi.
O'zbekistonning O'mondagi elchisi Abdusalom Hatamov Samarqandning turizm sohasidagi salohiyati va mavjud imkoniyatlarini Sultonlikda keng targ'ib etishga e'tibor qaratdi. "Chunki, O'monda yurtimizdagi tarixiy-madaniy yodgorliklar, muqaddas maskanlarga qiziqish juda yuqori. Agar Maskat –Samarqand yo'nalishida doimiy yoki mavsumiy charter aviaqatnovlar yo'lga qo'yilsa, bu qulay imkoniyat bo'ladi. Shuningdek, o'monlik turoperatorlar uchun Samarqandga info-turlar tashkil etish, sayyohlarga maxsus turpaketlar taklif etish ham o'z samarasini berishi tabiiy", dedi elchi.
Yurtimizning Kuvayt elchisi Ayubxon Yunusov Samarqandda "Kuvayt biznes markazi" ochish, Kuvayt fondi bilan viloyatimizda infratuzilma, yo'l qurilishi, suv ta'minoti va sog'liqni saqlash sohalarida loyihalarni moliylashtirishni taklifini bildirdi. "Kuvayt universitetlari bilan hamkorlikda Samarqandda islomshunoslik, huquqshunoslik va tibbiyot yo'nalishlarida qo'shma ta'lim dasturlarini ochish bo'yicha ham takliflar bor", dedi elchi Ayubxon Yunusov.
Muloqot yakunida bildirilgan takliflar asosida "Yo'l xaritasi" ishlab chiqishga kelishib olindi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi