O'zbekistonning iqtisodiy va turizm salohiyati Germaniyaning Gamburg shahrida namoyish etildi
May 19, 2025. 10:05 • 2 daq
• 83
GAMBURG, 19-may. /"Dunyo" AA/. Mamlakatimiz elchixonasi tomonidan "Laurea Germania" kompaniyasi bilan hamkorlikda Germaniyaning Gamburg shahrida O'zbekistonning iqtisodiy va turizm salohiyatiga bag'ishlangan taqdimot tadbiri o'tkazildi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.

O'zbekiston va Germaniya o'rtasida hududlararo hamkorlikni yanada kengaytirish maqsadida tashkil etilgan tadbirda Gamburg shahrining ishbilarmon doira vakillari, yuridik va konsalting firmalar rahbariyati, investorlar hamda OAV vakillari ishtirok etdi.
Yig'ilganlar yurtimizda barcha sohalarda amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar va erishilayotgan natijalar, xorijiy kompaniya va investorlar uchun yaratilgan sharoit va qulayliklar hamda xalqaro e'tirof etilayotgan yutuqlar bilan tanishdilar. Shuningdek, Yangi O'zbekiston qiyofasi va uning xalqaro iqtisodiy jozibadorligi haqidagi "O'zbekistonga sarmoya kiriting!" videofilm namoyish etildi.
"Laurea Germania" kompaniyasi rahbari Syoren Kroll o'z chiqishida O'zbekistondagi faoliyati, yurtimizdagi qo'shma loyihalarga sarmoya kiritish uchun yaratilgan sharoitlar bilan batafsil tanishtirdi. U nemis kompaniyalarini nafaqat O'zbekistonga sarmoya kiritishga, balki o'zbek kompaniyalarining Germaniya, Yevropada o'z shu'ba korxonalari va filiallarini ochish sohasida ham faol hamkorlikka chaqirdi.
Tadbirning turizm salohiyatiga bag'ishlangan qismida joriy yilda Samarqandda YUNESKO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasi o'tkazilishi rejalashtirilgani, yurtimizning boy moddiy va madaniy merosi, rang-barang tabiati va qadimiy shaharlari, turli xildagi sayyohlik yo'nalishlari, yaratilgan zamonaviy infratuzilmalar haqida ma'lumot berildi.
Taqdimot so'nggida "O'zbekistonga xush kelibsiz!" nomli videorolik namoyish etildi. Shuningdek, o'zbek milliy hunarmandchilik buyumlari ko'rgazmasi tashkil etildi va gastronomik turizm bilan tanitish maqsadida o'zbek milliy taomlar tayyorlandi.
Gamburg shahri federal o'lka maqomiga ega bo'lib, Germaniyaning ikkinchi yirik shahri hisoblandi. Shaharda 2 millionga yaqin aholi yashaydi. Gamburg porti – Yevropada Rotterdamdan keyin ikkinchi va dunyoda to'qqizinchi o'rinda turadi. Ushbu port savdo-iqtisodiy salohiyati tufayli "Dunyo darvozasi" nomini olgan.
Mamlakatning yetakchi aviasanoat, sug'urta va media kompaniyalari ushbu shaharda faoliyat yuritadi. Gamburg, shuningdek, Yevropa va Sharqiy Osiyo savdosining muhim nuqtasi hisoblanadi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi