Buxoro viloyatida Pokiston, Afg'oniston, Misr, Ozarbayjon va Ukraina biznesi ishtirokida yangi qo'shma loyihalar amalga oshiriladi
May 07, 2025. 10:52 • 2 daq
• 89
BUXORO 7-may. /"Dunyo" AA/. O'zbekistonning Pokistondagi elchisi Alisher To'xtayev, Afg'onistondagi elchisi Oybek Usmanov, Misrdagi elchisi Mansurbek Qilichev, Ozarbayjondagi elchisi Bahrom Ashrafxonov va Ukrainadagi elchisi Alisher Kurmanov xizmat safari bilan Buxoro viloyatiga bordi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Tashrif Buxoro viloyatining Pokiston, Afg'oniston, Misr, Ozarbayjon va Ukraina bilan savdo-iqtisodiy hamkorligi borasida mavjud salohiyatni to'liq ishga solish va yangi yo'nalishlarni topish, tomonlarning savdo, sanoat va qishloq xo'jaligidagi imkoniyatlari asosida istiqbolli hududlararo eksport va investitsion loyihalarni ishlab chiqish maqsadida tashkil etildi.
Buxoro viloyati hokimi Botir Zaripov bilan uchrashuvda ushbu mamlakatlarning to'qimachilik, farmatsevtika, teri va junni qayta ishlash, qishloq xo'jaligi mahsulotlari, qurilish mollari, sport buyumlari va tibbiyot uskunalari ishlab chiqarish sohalaridagi salohiyatidan unumli foydalanish masalalari muhokama qilindi. Xususan, viloyat hududida "Alabuga" maxsus iqtisodiy zonasida sanoat kooperatsiya yo'nalishidagi qo'shma loyihalarni amalga oshirishga alohida e'tibor qaratildi.
Viloyat delegatsiyasining Kobul, Mozori-Sharif va Lahorga safarlarini amalga oshirish, hududning savdo-investitsiyaviy jozibadorligi to'g'risida taqdimot va biznes-forumlar o'tkazish, Pokistonda "Made in Bukhara" sanoat ko'rgazmasini tashkil etish, hamkor mamlakatlardagi O'zbekiston savdo uylarida Buxoroda ishlab chiqarilgan mahsulotlar namunalarini joylashtirish to'g'risida kelishuvga erishildi. Shuningdek, "Ayritom xalqaro savdo markazi" imkoniyatlaridan foydalangan holda Buxoro viloyatida ishlab chiqarilgan mahsulotlar eksporti hajmlarini oshirish muhimligi ta'kidlandi.
O'zbekiston elchilari, shuningdek, "Alabuga" maxsus iqtisodiy zonasi faoliyati, u yerda tadbirkorlar va xorijiy investorlar uchun yaratilgan sharoitlar, taklif etilayotgan imtiyoz hamda imkoniyatlar bilan yaqindan tanishdi. Xorijiy, jumladan Pokiston kompaniyalari ishtirokida to'qimachilik, dorivor o'simliklarni saqlash va qayta ishlash borasidagi investitsion loyihalarni amalga oshirish bo'yicha dastlabki kelishuvlarga erishildi.
"Mergantex", "Tibtexnika", "Hajtex Group", "Parvoz Quruvchi" kompaniyalari faoliyati, ularning sanoat quvvatlari o'rganildi. Kompaniyalar rahbarlari bilan uchrashuvlar chog'ida xorijiy mamlakatlarga biznes tashriflarni tashkillashtirish, chet ellik tadbirkorlar bilan hamkorlik o'rnatish, tajriba almashish, ular ishlab chiqarayotgan mahsulotlar ko'rgazmalarini o'tkazish, kompaniyalarning vakolatxonalarini ochish, to'qimachilik korxonalariga xorijlik, jumladan pokistonlik mutaxassislarni jalb qilish masalalari bo'yicha aniq rejalar belgilab olindi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi