Logo

Joriy yilda O'zbekiston-Latviya Ishbilarmonlar kengashining navbatdagi yig'ilishi va biznes-forum o'tkaziladi

Avgust 06, 2025. 20:35 • 2 daq

100
Joriy yilda O'zbekiston-Latviya Ishbilarmonlar kengashining navbatdagi yig'ilishi va biznes-forum o'tkaziladi

RIGA, 8-avgust. /"Dunyo" AA/. O'zbekiston Savdo-sanoat palatasi raisi o'rinbosari Dilshod Rasulov boshchiligidagi mamlakatimiz ishbilarmon doiralari vakillari delegatsiyasining Latviyaga safari davomida navbatdagi biznes-forum tashkil etildi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Tadbirda ikki davlat mutasaddilari, latviyalik va o'zbekistonlik ishbilarmonlar ishtirok etdi. Ishtirokchilarga O'zbekistonda so'nggi yillarda amalga oshirilayotgan keng ko'lamli islohotlar hamda yurtimizning sarmoyaviy va iqtisodiy salohiyati, tadbirkorlarga yaratilayotgan imkoniyatlar haqida ma'lumot berildi.

Savdo-sanoat palatasi raisi o'rinbosari Dilshod Rasulov keyingi yillarda O'zbekiston va Latviya o'rtasida mustahkam savdo-iqtisodiy aloqalar o'rnatilganini ta'kidladi. Jumladan, logistika, farmatsevtika, qishloq xo'jaligi, ta'lim, to'qimachilik sanoati va turizm sohalarida qator qo'shma loyihalar amalga oshirilayotgani alohida qayd etildi.

Forumning amaliy qismida O'zbekiston va Latviya tadbirkorlari o'rtasida "B2B" shaklida uchrashuv tashkil etildi. Ishtirokchilar hamkorlikning yangi yo'nalishlarini muhokama qildilar, eksport-import shartnomalarini ko'rib chiqdilar.

Safar davomida O'zbekiston tadbirkorlar uchun milliy mahsulotlarni eksport qilish shartlarini o'rganish maqsadida Riga shahrida joylashgan import qiluvchi kompaniyalar omborlariga sayohat uyushtirildi.

O'zbekiston delegatsiyasi rahbari Latviya Ish beruvchilar konfederatsiyasi bosh direktori Kaspars Gorks bilan uchrashib, savdo-iqtisodiy munosabatlarni rivojlantirish, mamlakatimizda investitsiya loyihalarini amalga oshirish masalalarini muhokama qildi.

Muzokaralar yakunlari bo'yicha Ishbilarmonlar kengashining navbatdagi yig'ilishi va biznes-forumni joriy yilning kuz faslida O'zbekistonda o'tkazish bo'yicha kelishuvga erishildi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish