Pokistonlik yetakchi tadbirkorlar delegatsiyasi "Jizzax – 2025" xalqaro biznes-forumida ishtirok etadi
Aprel 23, 2025. 06:58 • 2 daq
• 121
ISLOMOBOD, 23-aprel. /"Dunyo" AA/. Yurtimizning Islomoboddagi elchixona tomonidan Pokistonning barcha savdo-sanoat palatalari, yirik biznes doiralari, investitsion faoliyat bilan shug'ullanuvchi tadbirkorlik subyektlari joriy yilning 23-24-aprel kunlari Zomin tumanida o'tkaziladigan "Jizzax – 2025" xalqaro biznes-forumi to'g'risida keng xabardor qilindi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Ushbu biznes-forum va uning doirasidagi tadbirlar pokistonlik hamkorlarda katta qiziqish uyg'otdi. Mezbon mamlakat biznes doira vakillariga mazkur xalqaro forum O'zbekiston iqtisodiyotining turli sohalarida aloqalarni rivojlantirish, xorijiy investorlar bilan istiqbolli loyihalarni muhokama qilish va amaliy hamkorlikni yo'lga qo'yish maqsadida tashkillashtirilayotgani yetkazildi.
"Jizzax – 2025" xalqaro biznes-forumida ishtirok etish uchun Pokistondan nufuzli delegatsiya yurtimizga yetib bordi. Delegatsiya tarkibidan farmatsevtika, to'qimachilik, terini qayta ishlash, tayyor kiyim-kechak, gugurt ishlab chiqarish, kimyo sanoati va qo'shimcha qiymat yaratadigan boshqa tarmoqlarda katta tajriba ega bo'lgan "Broadpeak", "TPBS", "Diners", "Getz Phrama", "Herbion Naturals", "UP-Match" kabi kompaniyalarning vakillari o'rin olgan.
Pokistonlik tadbirkorlar forum doirasida o'zbekistonlik hamkorlari bilan ikki tomonlama uchrashuvlar, biznes-muzokaralar o'tkazish, yangi investitsiya loyihalarini amalga oshirish istiqbollarini muhokama qilish, yangi shartnomalar va anglashuv memorandumlarini imzolashni rejalashtirmoqda.
Mehmonlar, shuningdek, Jizzax viloyatining investitsiya salohiyati, yer maydonlari, industrial zonalari, mavjud imtiyozlar va infratuzilma imkoniyatlari haqida batafsil ma'lumot olishni ham ko'zlamoqda.
"Jizzax – 2025" forumi nafaqat yangi loyihalarni boshlash, balki O'zbekiston va Pokiston o'rtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalarni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi