Logo

Kobulda O'zbekiston–Afg'oniston biznes-forumi bo'lib o'tdi

Avgust 06, 2025. 09:38 • 2 daq

106
Kobulda O'zbekiston–Afg'oniston biznes-forumi bo'lib o'tdi

KOBUL, 6-avgust. /"Dunyo" AA/. O'zbekiston savdo-sanoat palatasi delegatsiyasining Kobul shahriga safari doirasida O'zbekiston–Afg'oniston biznes-forum va B2B shaklidagi uchrashuvlar tashkil etildi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Afg'oniston savdo va sanoat vaziri vazifasini bajaruvchi Nuriddin Aziziy forumning ochilish qismidagi nutqida, afg'on xalqini doimiy tarzda qo'llab-quvvatlab kelayotgan O'zbekiston Prezidenti va hukumatiga minnatdorlik bildirdi.

"Biz O'zbekiston Prezidentining mamlakatimizga nisbatan oqilona va do'stona siyosatini yuksak qadrlaymiz va uni hech qachon unutmaymiz. Davlatingiz rahbarining xalqaro hamjamiyatni Afg'oniston bilan hamkorlik qilishga doir chaqiruvlari butun mintaqaning barqarorligi va taraqqiyoti uchun muhim ahamiyat kasb etmoqda", – dedi Nuriddin Aziziy.

Qayd etilishicha, 2025-yilning birinchi yarmida Afg'onistonning O'zbekistonga eksporti ilk bor 130 million AQSh dollaridan oshib, 300 foiz o'sishga erishdi. Bunday natijaga, O'zbekiston hukumatining temiryo'l orqali yuk tashish uchun afg'on tomoniga taqdim etilgan chegirmalar va "Termiz–Hayraton" chegara punktida yaratilgan qulay sharoitlar ijobiy ta'sir ko'rsatdi.

Afg'oniston tomoni Kobul va Mozori-Sharif shaharlarida ochilgan O'zbekiston savdo uylari faoliyatini qo'llab-quvvatlashga tayyorligini bildirdi.

Afg'oniston savdo-sanoat palatasi raisi Said Karim Hoshimiy o'zbek va afg'on xalqlari o'rtasidagi tarixiy do'stlik va yaqin qo'shnichilik rishtalarini ta'kidladi. "O'zbekiston rahbariyatining siyosiy irodasi va amaliy harakatlari ikki mamlakat o'rtasidagi savdo-iqtisodiy, transport-kommunikatsiya va madaniy aloqalarni faol rivojlantirishga turtki bermoqda", – dedi u.

Tadbir davomida tomonlar o'rtasidagi iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari va mavjud muammolar muhokama qilindi.

Ikki mamlakat tadbirkorlari o'rtasida bo'lib o'tgan B2B shaklidagi uchrashuvlarda esa qo'shma loyihalarni amalga oshirish xususida fikr almashildi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish