Logo

O'zbekiston va Hindistonning Maharashtra shtati o'rtasidagi aloqalar yanada rivojlantirilmoqda

Iyul 29, 2025. 07:21 • 56 soniya

49
O'zbekiston va Hindistonning Maharashtra shtati o'rtasidagi aloqalar yanada rivojlantirilmoqda

DEHLI, 29-iyul. /"Dunyo" AA/. O'zbekiston elchisi Sardor Rustamboyev Maharashtra shtati protokol va marketing bo'yicha vaziri Jaykumar Raval bilan uchrashdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Muloqot chog'ida O'zbekiston va Hindiston o'rtasidagi keng qamrovli hamkorlik, jumladan, hududlararo sheriklik aloqalari ko'lamini kengaytirish masalalari muhokama qilindi, istiqbolli qo'shma loyihalarni hayotga tadbiq etish imkoniyatlari o'rganildi.

O'zbekistonda so'nggi yillarda amalga oshirilayotgan keng ko'lamli islohotlar natijalari, jamiyat hayotining barcha jabhalaridagi yangilanish jarayoni, xorijiy sarmoyadorlar va ishbilarmonlar uchun yaratilgan jozibador va qulay muhit, ular bilan birgalikda yo'lga qo'yilgan yirik va samarali qo'shma loyihalar haqida ma'lumot taqdim etildi.

Tadbirda savdo-iqtisodiyot, investitsiyalar, axborot texnologiyalari, qishloq xo'jaligi, tibbiyot, turizm, madaniyat, ilm-fan, ta'lim va boshqa sohalarda hamkorlik istiqbollari yuzasidan fikr almashildi.

Jaykumar Raval Maharashtra shtati yetakchi kompaniyalarining O'zbekiston bilan investitsiyaviy hamkorligini rivojlantirish istiqbollarini yuqori baholadi. Shtat tadbirkorlari Hindiston va O'zbekiston o'rtasida o'rnatilgan strategik sheriklik munosabatlarini mustahkamlash jarayoniga amaliy loyihalar bilan munosib hissa qo'shishga intilayotganini ta'kidladi.

Tomonlar o'zaro manfaatli aloqalarni yanada rivojlantirish maqsadida birgalikda biznes-forumlar o'tkazish, delegatsiyalar almashish, boshqa ta'sirchan va samarali tadbirlarni tashkil qilish yuzasidan kelishuvga erishildi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish